Jahon | 20:10 / 10.11.2024
18482
3 daqiqa o‘qiladi

XKSda qolgan astronavt keskin vazn yo‘qotmoqda

Kosmik kemadagi nosozlik tufayli Yerga qayta olmagan Sunita Uilyams hozir Xalqaro kosmik stansiyada. U juda ozib ketgan. NASA shifokorlari esa bundan xavotirda.

Foto: AFP / Getty Images

AQSh Milliy kosmik agentligi (NASA) shifokorlari Boeing kompaniyasining Starliner kemasi nosozligi sababli Xalqaro kosmik stansiyada (XKS) 2025 yil fevraligacha qolishga majbur bo‘layotgan astronavt Sunita Uilyamsning vaznini oshirishga yordam berishga urinmoqda.

New York Post manbasiga ko‘ra, Sunita iyun oyida stansiyaga kelganidan beri ancha ozib ketgan.

So‘nggi olingan suratlarda u ozg‘in va holdan toygan, “yonoqlari ichiga botib ketgan” holda ko‘rinadi, deb ta’kidlaydi nashr. “U juda ozib ketdi, faqat terisi va suyaklari qolgan”, — dedi NASA xodimlaridan biri.

Uning aytishicha, birinchi o‘rinda shifokorlar Uilyamsning vazn yo‘qotishini barqarorlashtirishga yordam berishi, so‘ngra qulay sharoit yuzaga kelganda, bu jarayonni orqaga qaytarish mumkin bo‘ladi.

NASA shifokorlari Uilyams bilan ishlashni taxminan bir oy oldin — fotosuratlar e’lon qilinishidan avval boshlagan, deyiladi NYP xabarida.

Metabolizm o‘zgarishi sababli astronavtlar oddiy insonlarga nisbatan ikki barobar ko‘p kaloriya iste’mol qiladi: faqatgina o‘z vaznini saqlab turish uchun ularga kuniga taxminan 4 ming kilokaloriya kerak. Shifokorlarning aytishicha, Uilyamsga hozir 5 ming kilokaloriya zarur. Bundan tashqari, vaznsizlik sharoitida mushak massasi va suyak zichligini saqlab qolish uchun muntazam ravishda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish talab etiladi.

NASA tadqiqotlariga ko‘ra, kosmik sayohatlarning oqibatlari ayollar uchun “yanada og‘irroq” bo‘ladi, chunki ular erkaklarga qaraganda tezroq mushaklarini yo‘qotadi.

Uilyams va uning hamkasbi Barri Uilmor 2024 yil 5 iyunda Boeing Starliner kompaniyasining birinchi kosmik kemasida Xalqaro kosmik stansiyaga uchib ketgandi. Ular XKSda bir hafta qolishi rejalashtirilgan edi, biroq nosoz qismlar va geliy sizib chiqishi sababli kemani stansiyadan uzish bir necha marta kechiktirildi.

6 sentabr kuni Starliner Yerga ekipajsiz qaytdi, astronavtlar XKSda qoldi. Ular 2025 yil fevral oyida Dragon kosmik kemasida SpaceX Crew-9 missiyasining boshqa ikki ekipaji bilan ortga qaytishi kerak.

Mavzuga oid