O‘zbekiston | 23:45 / 11.11.2024
7351
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi

Tashrif dasturida O‘zbekiston prezidenti BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi tadbirlarida ishtirok etadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 11 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda davlat rahbarini Ozarboyjon iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif dasturida O‘zbekiston yetakchisining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) tadbirlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston prezidenti, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazadi.

COP29 doirasida delegatsiyamiz tomonidan yerlarning tanazzulga uchrashi va cho‘llanishga qarshi kurashish, ekologik ta’limni rivojlantirish hamda iqlim kun tartibini ilgari surishda yoshlarning o‘rniga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbirlar o‘tkaziladi.

O‘zbekistonning maxsus tashkil etilgan Milliy pavilonida Orolbo‘yi mintaqasining ijtimoiy-ekologik muammolarini hal etish, «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bioxilma-xillikni asrash va boshqa yo‘nalishlarda 20 dan ortiq qo‘shimcha tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid