Jahon | 18:26 / 12.11.2024
2380
3 daqiqa o‘qiladi

Londondan Jyenevagacha – dunyoning eng kuchli brend shaharlari reytingi e’lon qilindi

Shaharlar brendini baholashda yettita asosiy mezonga tayanildi.

Foto: Getty Images

Brand Finance brendlarni baholash bo‘yicha xalqaro konsalting kompaniyasi 20 mamlakatdan 15 000 kishi ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga asoslanib, dunyodagi eng jozibador shahar brendlari reytingini e’lon qildi.

Brand Finance City Index reytingi dunyodagi eng yirik 100 ta shahar brendini o‘z ichiga olgan.

Shaharlar brendini baholashda yettita asosiy mezonga tayanildi. Bular orasida — mashhurlik, sayyohlar va investitsiyalarni jalb qilish, yashash uchun qulaylik, masofadan ishlash va o‘qish, nafaqaga chiqish imkoniyati kabilar bor. Bundan tashqari, “go‘zal me’morchilik”, “mehmondo‘stlik va iliqlik”, “eng yaxshi xarid imkoniyatlari” kabi qo‘shimcha mezonlardan ham foydalanilgan.

London, Nyu York va Parij o‘tgan yildan buyon dunyoning eng mashhur megashaharlari orasida o‘z pozitsiyasini mustahkamlab, dastlabki uch o‘rinni saqlab qoldi.

London butun dunyoga tanilgani, akademik ta’lim olish uchun keng imkoniyatlarga ega ekani va mashhur diqqatga sazovor joylari tufayli 100 balldan 90,9 ball to‘pladi.

Nyu York esa investitsiyalar va biznes uchun eng yaxshi shahar deb topildi (100 balldan 89,8 ball).

Parij Brand Finance City Index reytingida 87,8 ball to‘plab, TOP-3 talikka kirdi. Jahon miqyosida mashhurligi bo‘yicha Fransiya poytaxti ikkinchi o‘rinni, sayyohlarni jalb etish mezoni bo‘yicha esa uchinchi o‘rinni egalladi. Qizig‘i shundaki, do‘stona munosabat mezoniga ko‘ra, Parij atigi 25-o‘rinda: so‘rovda qatnashganlarning ko‘pchiligi parijliklarni manman va sovuqqon deb biladi.

Yaqin Sharqdagi eng yaxshi shahar brendi maqomini Dubay oldi. Shahar sayyohlar oqimi o‘sishi tufayli 86 ball to‘plab, Yaqin Sharq va Afrika mintaqasida birinchi o‘rinni, Brand Finance City Index reytingida esa 5-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, so‘rovda qatnashganlarning ko‘pchiligi Dubayni masofaviy ish va biznes yuritish uchun eng qulay shaharlardan biri sifatida e’tirof etdi.

Reytingda Markaziy Osiyo shaharlari o‘rin olmagan.

Dunyodagi eng kuchli brendga ega TOP-15 shaharlar:

1. London

2. Nyu York

3. Parij

4. Tokio

5. Dubay

6. Singapur

7. Los Anjyeles

8. Sidney

9. San-Fransisko

10. Amsterdam

11. Tsyurix

12. Rim

13. Berlin

14. Toronto

15. Jyeneva

Ijobiy brendni muvaffaqiyatli rivojlantirayotgan shaharlar ko‘p foyda ko‘radi. Ular yanada ko‘proq sayyohlar va investitsiyalar jalb etib, o‘zlarining iqtisodiy va biznes salohiyatini oshirmoqda. Bu esa rivojlanish va o‘sish uchun qulay muhit yaratadi hamda yangi ish o‘rinlari ochilishiga va butun dunyodan iste’dodli insonlarni jalb qilishga imkon beradi.

Mavzuga oid