Jahon | 20:43 / 14.11.2024
698
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya Meta’ni qariyb 800 mln yevro jarimaga tortdi

YeI nazorat organi Facebookʼka egalik qiluvchi Meta kompaniyasini Marketplace onlayn e’lonlar biznesini «suiiste’mol qilish»da aybdor deb topdi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi nazorat organi Facebookʼka egalik qiluvchi Meta kompaniyasini Marketplace onlayn e’lonlar biznesini «suiiste’mol qilish»da ayblab, qariyb 800 million yevro jarimaga tortdi, deb xabar beradi Associated Press.

Yevropa komissiyasi uzoq davom etgan tekshiruvlar natijasida kompaniya o‘zining ustun mavqeyini suiiste’mol qilib, raqobatga qarshi xatti-harakatlar bilan shug‘ullangan deb topdi va unga 797,72 million yevro jarima qo‘llash bo‘yicha qaror chiqardi.

Komissiya Meta’ni onlayn e’lonlar borasidagi biznesini ijtimoiy tarmoqqa bog‘lab qo‘yishda, Facebook foydalanuvchilari avtomatik ravishda Marketplace’ga kira olishida va raqobatchilariga bunday imkoniyat taqdim etmaganlikda aybladi. Nazorat organi, shuningdek, Meta xizmat ko‘rsatish sohasida adolatsiz savdo shartlarini o‘rnatganini bildirdi.

«Bu Yevropa Ittifoqining antimonopoliya qoidalariga zid. Meta bunday harakatlarini to‘xtatishi kerak», — deydi komissiyaning raqobat sohasidagi siyosatiga mas’ul vitse-prezidenti Margret Vestager.

Meta komissiyaning qonunbuzarlikni to‘xtatish haqidagi ko‘rsatmasiga rioya qilishini va uni takrorlamasligini bildirib, chiqarilgan qaror ustidan apellyatsiya berishini ma’lum qildi.

2023 yilning mayida Meta kompaniyasi Yevropa va AQSh o‘rtasida ma’lumotlar uzatishda noto‘g‘ri ish tutgani uchun 1,2 milliard yevro miqdorida jarimaga tortilgan edi. 2022 yilda esa dunyoning 106 mamlakatidan bo‘lgan 533 million foydalanuvchining ma’lumotlari e’lon qilib yuborilishi ortidan Meta 265 million yevro jarima to‘lagan edi.

Mavzuga oid