Sport | 22:18 / 16.11.2024
1941
3 daqiqa o‘qiladi

We Global Football O‘zbekistonning JCh-2026ga chiqish imkoniyatini biroz pasaytirdi

Foto: O‘FA

Osiyoda 2026 yilgi jahon chempionati hal qiluvchi saralash bosqich 5-tur o‘yinlaridan keyin We Global Football portali milliy jamoalarning okean ortidagi turnirga borish imkoniyati foizlarini yangiladi. O‘zbekistonning mundialda ishtirok etish imkoniyati biroz pasaytirilgan.

O‘zbekiston milliy jamoasining 4-turda Birlashgan Arab Amirliklari ustidan qozongan g‘alabasidan (1:0) keyin A guruhidan JCh-2026 final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish imkoniyati 93,1 foizga ko‘tarilgan edi. Ya’ni, imkoniyat 10 foizdan ko‘proqqa oshgandi. Qatardan uchralgan mag‘lubiyatlan keyin esa Srechko Katanets shogirdlarining imkoniyati 93,1 foizdan 84,8 %ga pasaytirildi. 

Shunga qaramay, mamlakatimiz milliy jamoasi mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun da’vogarlar orasida hamon Yaponiya, Eron va Janubiy Koreyadan keyingi 4-o‘rindan joy olgan.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston milliy jamoasining 3-turda Eron bilan durang (0:0) qayd etganidan keyin A guruhidan JCh-2026 final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olish imkoniyati 75,9 foizdan 82,8 foizga ko‘tarilgan edi. 2-turda Qirg‘iziston ustidan erishilgan g‘alabadan (3:2) keyin O‘zbekistonning imkoniyati 70,3 foizdan 75,9 foizga ko‘tarilgan, JCh-2026ga chiqa olmaslik imkoniyati esa 1 foizdan 0,4 foizgacha pasaytirilgan edi.

A guruhidan Eronning JCh-2026ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri borish imkoniyati eng yuqori baholangan – 99,4%. Portal Osiyodan Yaponiya JCh-2026 masalasini amalda hal qilgan deb hisoblamoqda – 100 foiz.

O‘zbekistonning 5-turdagi raqibi Qatar 4-turda Erondan uchralgan mag‘lubiyatidan (1:4) keyin imkoniyatini ancha pasaytirib, yo‘llanmaga da’vogarlar top-10ligini tark etgandi, O‘zbekistonni mag‘lub (3:2) etib, 8,9 foiz bilan o‘nlikka qaytdi.

Osiyo milliy jamoalarining 5-turdan keyin JCh-2026ga borish imkoniyatlari (We Global Football talqini):

1. Yaponiya – 100% (4-turdan keyin – 99.9 % edi)

2. Eron – 99.4% (99.6 %)

3. Janubiy Koreya – 99.5% (99.7 %)

4. O‘zbekiston – 84.8% (93.1%)

5. Avstraliya – 72.3% (75.1 %)

6. Iordaniya – 45 % (41.6 %)

7. Iroq – 44.3% (53.4 %)

8. Saudiya Arabistoni – 22.9% (16.7 %)

9. O‘mon – 11.1% (5.4 %)

10. Qatar – 8.9% (4.6 %).

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston navbatdagi turda 19 noyabr kuni Laosda Shimoliy Koreya mehmoni bo‘ladi. O‘zbekiston A guruhida peshqadam Erondan (13) keyingi 2-o‘rinni (10 ochko) egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 uchun Osiyoga 8,5 o‘rin ajratilgan. Uchta guruhdan 2tadan jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqsa, guruhlardagi 3-4-o‘rindagi jamoalar pley-offlar orqali qolgan 2,5ta yo‘llanma uchun kurash olib boradi. Jahon chempionati 2026 yilning 11 iyun — 19 iyul kunlari AQSh, Kanada va Meksikaning 16ta shahrida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid