Jahon | 11:37
1443
3 daqiqa o‘qiladi

Nemis "yashillari" Habekni kansler lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatdi

Germaniya iqtisodiyot vaziri va vitse-kansler Robert Habek fevral oyida bo‘lib o‘tadigan erta Bunestag saylovlarida "Ittifoq-90"/"yashillar" saylov ro‘yxatini boshqaradi.

Foto: Daniel Roland/AFP/Getty Images

Germaniyaning "Ittifoq-90"/"yashillar" partiyasi 23 fevralda bo‘lib o‘tadigan Bundestagga navbatdan tashqari saylovlarda Germaniya vitse-kansleri va iqtisodiyot vaziri Robert Habekni rasman federal kansler lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Uning nomzodini 17 noyabr, yakshanba kuni Visbadenda bo‘lib o‘tgan federal partiya qurultoyida ishtirokchilarning 96,5 foizi qo‘llab-quvvatladi.

Ovoz berishdan oldin so‘zga chiqqan 55 yoshli Habek o‘tgan yillarda to‘plagan tajribasiga tayanib, mas’ul lavozimni egallashni xohlashini ta’kidladi. Avvalo, u "Germaniya xalqi uchun" mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmoqchi. U, shuningdek, iqlim o‘zgarishi va populizmning kuchayishi bilan bog‘liq muammolarga ishora qildi va siyosiy spektr markazida ittifoq tuzishga tayyor bo‘lishga chaqirdi.

XDI rahbari Mers Germaniya siyosatini tubdan o‘zgartirishni talab qilmoqda

Muxolifatdagi Xristian-demokratik ittifoqdan (XDI) Germaniya kansleri lavozimiga nomzod Fridrix Mers Germaniya siyosatini tubdan o‘zgartirish zarur deb hisoblaydi. Mers 13 noyabr kuni Germaniya kansleri Olaf Sholsning hukumatga bayonoti muhokamasi chog‘ida «Germaniya, ayniqsa, migratsiya, tashqi, iqtisodiy va xavfsizlik siyosati sohalarida tubdan boshqacha yo‘nalishga muhtoj», dedi.

Xristian-demokratlar partiyasi raisi mamlakatning yomon iqtisodiy ko‘rsatkichlariga to‘xtalar ekan, nemis iqtisodiyotining jahon miqyosida raqobatbardoshligini tiklash uchun endi hamma narsani qilish kerakligini ta’kidladi. Bundan tashqari, uning ta’kidlashicha, energetika siyosati va «ortiqcha byurokratiya» muammolarini tez va chuqur hal qilish kerak.

XDI rahbari, shuningdek, Berlinning migratsiya siyosatini kuchaytirishga chaqirdi: Germaniyaga noqonuniy migratsiyaning yuqori o‘sishini to‘xtatish, ayrim hollarda oilalarni birlashtirishni to‘xtatish va qochqinlar hamda muhojirlarni Germaniya chegaralarida ortga qaytarish.

«Siz endi hech qanday shart qo‘ya olmaysiz», dedi u Olaf Sholsga qarata. U sotsial-demokratlar va «yashillar» hukumati endi Bundestagda ko‘pchilikka ega emasligini ta’kidlab: «Biz sizning qulagan hukumatingiz uchun zaxira o‘yinchisi emasmiz», dedi.

Shu bilan birga, Fridrix Mers XDI/XSI konservativ fraksiyasi Federal konstitutsiyaviy sudni kuchaytirishga qaratilgan Asosiy qonunga o‘zgartirish kiritishni qo‘llab-quvvatlashiga va’da berdi.

Mavzuga oid