Jahon | 14:30
1016
2 daqiqa o‘qiladi

Peskov: Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbat bo‘yicha hozircha tayyorgarlik yo‘q

Rossiya prezidenti matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi suhbat hozircha rejalashtirilmagan, biroq kerak bo‘lsa, uni tezda tashkil qilish mumkin.

Foto: Sergey Bobylev/ TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi suhbat oxir-oqibat bo‘lib o‘tishi mumkin, ammo hozircha bu yo‘nalishda tayyorgarlik ko‘rilmagan. Bu haqda 17 noyabr, yakshanba kuni «Rossiya 1» telekanali muxbiri Pavel Zarubinga bergan intervyusida Rossiya davlat rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

«Biz bu borada vaziyat qanday rivojlanishini ko‘ramiz. Bu qachon sodir bo‘lishini taxmin qilish mumkin emas», — deya intervyudan parchalarni keltirmoqda «Interfaks» agentligi. Jurnalistning Putin va Tramp o‘rtasida potensial telefon suhbatini tashkil qilish bo‘yicha Qo‘shma Shtatlardan biron-bir signal bor-yo‘qligi haqidagi savoliga Peskov: «Hozircha yo‘q», deb javob berdi.

Shu bilan birga, Kreml vakili, agar kerak bo‘lsa, bunday suhbatni «juda tez» tashkil qilish mumkinligini ta’kidladi. «Bu yerda hech qanday muammo yo‘q, deb o‘ylayman, bu ehtiyoj paydo bo‘lishi bilanoq, bunday aloqa zarurligini tushunish har ikki tomonda ham sodir bo‘ladi», deb tushuntirdi u.

Putin Kursk oblastini Tramp inauguratsiyasigacha qaytarmoqchi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2025 yil 20 yanvarda Donald Trampning AQShning 47-prezidenti sifatida inauguratsiyasi oldidan bir qismi Ukraina qurolli kuchlari tomonidan egallab olingan Kursk oblastini Rossiya nazoratiga qaytarmoqchi. Bu haqda Britaniyaning The Telegraph gazetasi 11 noyabr kuni yozdi.

Bunday qadam Moskvaga har qanday tinchlik muzokaralariga kuchliroq pozitsiya bilan kirishga imkon beradi, deydi G‘arb diplomatlari. Nashrning ta’kidlashicha, Rossiya armiyasi 6 avgustdan beri Ukraina qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududning qariyb yarmini nazoratga olishga muvaffaq bo‘ldi.

Mavzuga oid