Jahon | 19:43
1409
3 daqiqa o‘qiladi

«Titanik» qahramoniga sovg‘a qilingan soat 1,5 mln funt sterlingga sotildi

RMS Carpathia kapitani Artur Rostron ofat signalini olishi bilan «Titanik» cho‘kkan joyga yetib kelib, 700 kishining omon qolishiga yordam bergan.

Foto: AP

«Titanik»ning 700 dan ortiq yo‘lovchisini qutqargan Britaniya paroxodi kapitaniga sovg‘a qilingan tilla soat auksion orqali 1,56 million funt sterlingga (1,97 million dollar) sotildi, deb xabar beradi BBC.

Og‘irligi 18 qirot bo‘lgan Tiffany & Co soati 1912 yilda «Titanik» halokatga uchragan vaqtida voqea joyiga yetib kelgan RMS Carpathia yo‘lovchi kemasi kapitani Artur Rostronga sovg‘a qilingan edi. Soatni amerikalik xususiy kolleksioner xarid qilgani aytilmoqda.

Artur Rostron ofat signalini olganidan keyin Nyu-Yorkdan Yevropaga ketayotgan RMS Carpathia yo‘nalishini o‘zgartirgan. U «Titanik» 1912 yil 15 aprel kuni Shimoliy Atlantikaga cho‘kkanidan ikki soat o‘tib, voqea joyiga yetib borgan.

Soat esa Arturga «Titanik»dagi eng badavlat inson Jon Jyeykob Astorning bevasi hamda kema aysberg bilan to‘qnashuvi oqibatida halok bo‘lgan ikki biznesmenning rafiqalari tomonidan sovg‘a qilingan. Soatning orqa tomoniga quyidagi yozuv tushirilgan: «Kapitan Rostronga 1912 yil 15 aprelda «Titanik»ning omon qolgan uch yo‘lovchisi —Jon B. Tayer xonim, Jon Jyeykob Astor xonim va Jorj D. Uaydener xonim tomonidan samimiy minnatdorchilik hamda tashakkur bilan taqdim etiladi».

Kimoshdi uyi ma’lumotlariga ko‘ra, Artur Rostron sovg‘ani janob Astorning rafiqasidan Nyu-Yorkdagi Beshinchi avenyuda joylashgan oilaviy uyida o‘tkazgan tushlikda qabul qilib qolgan. «U birinchi navbatda Rostronning jasoratiga minnatdorchilik uchun topshirilgan, chunki janob Rostronsiz ushbu 700 kishi omon qolmasdi», — deydi auksion vakili Endryu Oldrij.

«Titanik»ka bog‘liq bundan oldingi rekord narxdagi esdalik buyumi aprel oyida — Jon Jyeykob Astorning jasadidagi kiyim hamyonidan topilgan tilla soat — 1,175 million funt sterlingga sotilgan edi.