Jahon | 12:52
3344
8 daqiqa o‘qiladi

Pitssa yetkazib beruvchi yigit kashf qilgan zirhli nimcha

1969 yilda Detroyt shahrida ovqat yetkazib berish xizmatida ishlovchi yigit bir necha marta talonchilar hujumiga duch keladi. Yigitni tunamoqchi bo‘lganlar hatto o‘q ham uzishadi. Shunda yigit o‘zi uchun yengil materiallardan o‘q o‘tkazmaydigan zirhli nimcha tayyorlab oladi. Keyinchalik ana shu nimcha harbiylar va politsiyani qiziqtirib qoladi.

Barchasi 1969 yilda boshlangandi. Ovqat yetkazib beruvchi kompaniyada ishlovchi sobiq dengiz piyoda askari Richard Devis ko‘rsatilgan manzilga borib eshikni taqillatadi.

O‘sha paytlarda Detroyt AQShning jinoyatchilik eng avj olgan shaharlaridan biri edi. Shaharning aksariyat hududlarida ayniqsa tunda yurish xavfli edi. Shu sababli Richard ham yonida to‘pponcha olib yurardi.

Atrof qorong‘i, Devis mijozning eshik ochishini kutar ekan, ichkaridan shovqin eshitilardi. Shunda u har ehtiyotga qarshi bir qo‘li bilan beliga taqib olgan to‘pponchasini ushlab turadi.

Eshikni ochishganda Richard qarshisida uch yigitni ko‘radi. Ulardan biri Richardga to‘pponcha o‘qtalib turardi. Yigitlar Richarddan pitssani tekinga olishni xohlashgandi.

Biroq sobiq harbiy ham bo‘sh kelmaydi. O‘rtada janjal boshlanadi va Richard hech narsani o‘ylamasdan ularga qarata o‘q uzadi va yigitlarni yaralaydi. Biroq raqiblar uzgan o‘qdan o‘zi ham bir nechta jarohat olib, hushidan ketadi.

Richard ko‘zini ochganda o‘zini kasalxonada ko‘radi. Yigit davolanar ekan, jinoyatchilik avj olgan bu shaharda qanday qilib himoyalanib yurish haqida bosh qotiradi.

Shunda u tirik qolishning birdan bir yo‘li o‘q o‘tmaydigan nimcha taqib yurish degan xulosaga keladi. Biroq o‘sha paytlarda bunday nimchalar temir bo‘lagidan yasalar va juda og‘ir bo‘lardi. Bunday nimchani kuni bilan taqib yurish imkonsiz edi.

Shu sababli o‘sha paytda og‘ir nimchalardan faqat harbiylar foydalanar, hatto har kuni o‘lim bilan yuzlashadigan politsiyachilar ham ularni taqmas edi.

O‘ylab-o‘ylab Richard o‘zi uchun yengil va taqib yurish qulay bo‘lgan zirhli nimcha tayyorlashga qaror qiladi. U shifoxonadan chiqqach rejasini amalga oshirishga kirishadi.

Richard yangi zirhli nimchani yengil va taqish qulay bo‘lishi uchun metalldan emas, matodan tayyorlashga qaror qiladi. U bir qancha matolarning pishiqligini sinab ko‘radi va kevlar matosini tanlaydi.

Kevlarni ilk bor 1964 yilda Amerikaning mato ishlab chiqaruvchi DuPont firmasi xodimi, kimyogar ayol Stefani Kvolek o‘ylab topgan. 1970-yillar boshlarida bu mato ancha ommalashgandi.

Richard birinchi zirhli nimchani qo‘lda o‘zi tikib, tayyorlaydi. So‘ng unga to‘pponchadan o‘q uzib ko‘radi. O‘q nimcha ichiga kirib qoladi, biroq teshib o‘tmaydi. Richard uchun bu juda katta muvaffaqiyat edi.

U yangi nimcha uchun patent olib, uni katta pulga sotishi ham, yoki kompaniya tashkil etib, yangi zirhli nimchani o‘zi ishlab chiqarishi ham mumkin edi.

Bu ikki tanlov qarshisida qolgan Richard ko‘proq pul ishlash uchun ikkinchi yo‘lni tanlaydi va zirhli nimchani o‘zi ishlab chiqarishga qaror qiladi.

Second Chance

Second Chance (“Ikkinchi imkoniyat”) kompaniyasi Richard Devis tomonidan 1970-yillar boshlarida tashkil etilgan. Avvaliga kompaniyada Richardning o‘zi ishlagan.

Uning dastlabki ishxonasi garajda bo‘lgan va Richard zirhli nimchalarni shu yerda tikadi. Keyinchalik kompaniya kengaygach, boshqa binoga ko‘chib o‘tadi.

Yangi zirhli nimchani ishlab chiqarish qiyin emasdi. Asosiy muammo unga mijoz topish edi. Richard o‘zi tayyorlagan nimchani politsiya bo‘limiga olib borganda uning ustidan kulishadi.

Politsiya boshlig‘i temirdan yasalgan nimcha o‘qni zo‘rg‘a qaytarayotganda matodan tayyorlangan nimcha o‘qlarni qaytarishiga ishonmaydi. Boshqa bo‘limdagilar ham shunday qarshilaydi.

Shundan so‘ng potensial xaridorlarni ishontirish uchun Richard ko‘rgazmali taqdimot tashkil qiladi. U nimchaning ichini loy va tuproq bilan to‘ldiradi. So‘ng o‘q uzadi. Kevlar matosi o‘qlarni ushlab qoladi.

Biroq politsiyachilar baribir nimchaga qiziqish bildirmaydi. Ular matodan tayyorlangan nimcha o‘qni ushlab qolgani bilan kuchli zarba tufayli qovurg‘ani sindirishi yoki yurakni yorib yuborishi mumkinligini aytadi.

Politsiyadagilar nimchani tirik odamda sinab ko‘rish kerakligini aytishadi. Biroq bunga ulardan hech kim jur’at qila olmaydi.

Shunda Richardning oldida nimchani faqat o‘zi kiyib sinab ko‘rsatishdan boshqa chora qolmaydi va u shunday qiladi.

1972 yilda Richard birinchi marta zirhli nimchani o‘zi kiyib sinovdan o‘tkazadi. Richard nimchani kiygandan so‘ng unga qarata 38-kalibrli quroldan o‘q otishadi.

Nimcha o‘qlarni qaytarib qoladi va ular Richardning qovurg‘asini ham sindirmaydi. Shunchaki zarba tushgan joy ozgina ko‘karib chiqadi xolos.

O‘shanda Richard nimcha bilan bir necha marta sinov o‘tkazadi va unga jami 200 dan ortiq o‘q uzishadi. Bironta o‘q unga jarohat yetkazmaydi. Shundan so‘ng uning nimchasini sotib ola boshlashadi.

Kompaniyaning sotib yuborilishi

1998 yilda Second Chance kompaniyasi zirhli nimchalarni Zylon deb nomlangan maxsus materialdan tayyorlay boshlaydi. Bu materialni Yaponiyadagi bir kompaniya yetkazib bergan.

Biroq 2005 yilga kelib AQShdagi xavfsizlik standartiga mas’ul bo‘lgan Milliy adliya instituti Zylon materialidan tikilgan zirhli nimchalar xavfsizlik talablariga javob bermasligini ma’lum qiladi.

AQSh Adliya vazirligi huquqni himoya qilish tashkilotlariga Second Chance kompaniyasidan sotib olingan zirhli nimchalarni boshqa xavfsiz nimchalarga almashtirishni buyuradi.

Shu tariqa, Second Chance o‘zining asosiy mijozlaridan ayriladi. O‘shanda keksa yoshga yetgan Richard Devis chorasiz qoladi va o‘zi 35 yil boshqargan kompaniyani 45 mln dollar evaziga Armor Holdings, Inc. kompaniyasiga sotib yuboradi.

Richard Devis kashf etgan zirhli nimchalarni hozir Armor Holdings, Inc.  kompaniyasi ishlab chiqaradi.

Ko‘p o‘tmay AQShdagi huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarga zirhli nimchalarni Armor Holdings, Inc. kompaniyasi yetkazib bera boshlaydi. Bu zirhli nimchalar aynan Zylon materialidan tikilgan edi.

Shundan so‘ng Milliy adliya instituti Armor Holdings, Inc. kompaniyasini mijozlarga xavfsiz bo‘lmagan nimchalarni yetkazib bergani uchun sudga beradi.

Biroq AQSh Mudofaa vazirligiga boshqa mahsulotlar ham yetkazib berish bilan shug‘ullangan bu firma sudda yutib chiqadi.

Oxir-oqibat AQSh Adliya vazirligi kompaniyaga 30 mln dollar tovon puli to‘lashga majbur bo‘ladi.

Bugun bir paytlar Richard Devis o‘ylab topgan zirhli nimchalardan dunyoning turli burchaklarida foydalanishadi. Richard esa birinchi marta metall ishlatilmagan zirhli nimcha tayyorlagan shaxs sifatida tarixda qoldi.

Aytgancha, kelib chiqishi eronlik bo‘lgan amerikalik taniqli rejissyor Ramin Bahroni 2022 yilda Richard Devis haqida hujjatli film suratga olgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi. 

Mavzuga oid