Jahon | 13:53
877
4 daqiqa o‘qiladi

Zurabishvili saylovlar yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qildi

Gurjiston prezidenti Konstitutsiyaviy sudga parlament saylovlari natijalarini tan olmaslik talabi bilan murojaat qildi. Bu uning yangi chaqiriqdagi yig‘ilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Foto: AP

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili mamlakat Konstitutsiyaviy sudiga 26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalarini tan olmaslik talabi bilan murojaat qildi. Bu haqda 19 noyabr, seshanba kuni uning ma’muriyati saytida e’lon qilingan xabarda aytiladi.

Xabardan ma’lum bo‘lishicha, prezidentning da’vosi ovoz berishning universalligi va maxfiyligi tamoyillarining buzilishi bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan uning fikricha, Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilgan saylov natijalari bekor qilinishi kerak.

Bir kun avval Zurabishvili sudga murojaat qilish niyati haqida shunday degan edi: «Men buni Konstitutsiyaviy sudga ishonganim uchun emas, balki tanlov oldida turgan sudyalarning vijdonini to‘liq sinovdan o‘tkazmoqchi bo‘lganim uchun qilyapman».

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, parlament saylovlari o‘tgan deb tan olinmaydi, chunki ularni muxolif partiyalar tan olmayapti. «Mavjud vaziyatdan chiqishning yagona barqaror, tinch yo‘li – bu yangi saylovlardir», — dedi davlat rahbari ularni imkon qadar tezroq o‘tkazish zarurligini bildirib. Bundan tashqari, Zurabishvili saylovlardagi qonunbuzarliklar yuzasidan xalqaro tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.

YeI Gurjiston hukumatiga ajratilgan 121 mln yevroni qaytarib oldi

Yevropa Ittifoqi Gurjiston hukumati uchun ajratilgan 120 million yevrodan ortiq mablag‘ni boshqa maqsadlarga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 18 noyabr kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar kengashi yig‘ilishida matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Oktyabr oyida Gurjistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari mamlakatning «hozirgi hukumat davridagi demokratik chekinishini» tasdiqlaganiga munosabat bildirgan holda, Yevropa Ittifoqi Gurjiston qurolli kuchlarini Yevropa tinchlik jamg‘armasi orqali qo‘llab-quvvatlashni bekor qildi, shuningdek, Gurjistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri 121 million yevro ajratishni to‘xtatdi, dedi Borrel. Bu mablag‘lar «fuqarolik jamiyati va to‘g‘ridan to‘g‘ri gurji xalqiga foyda keltiradigan dasturlarga» yo‘naltiriladi, dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari.

Saylovda «nima bo‘lganini diqqat bilan o‘rganish» uchun Bryussel Gurjistonga siyosiy missiya yuboradi va saylovlar buzilishiga o‘z bahosini taqdim etish uchun Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byuroning Gurjistondagi saylovni kuzatish missiyasi rahbari taklif etiladi.

«Gurjiston orzusi» yetakchilari Gurjiston xalqining intilishlari va mamlakatning YeIga kirish maqsadiga zid harakat qilib, mamlakatni Yevropa Ittifoqi yo‘lidan uzoqlashtirdi», dedi Jozep Borrel. «Men o‘tgan yili Gurjistonga tashrifim chog‘ida aytganimni takrorlamoqchiman: Gurjiston uchun Yevropa Ittifoqining eshigi ochiq qoladi».

Mavzuga oid