Jahon | 13:24 / 21.11.2024
560
2 daqiqa o‘qiladi

COP29 ishtirokchilari iqlimga mos turizmni rivojlantirishga kelishib oldi

Iqlimga mos turizm birinchi marta BMT maqsadlaridan biriga aylandi. Mehmonxona biznesi vakillari suv va elektr energiyasi iste’moli hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayd qiladi.

Foto: AP / Peter Dejong

Ozarboyjon poytaxti Bokuda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etayotgan 50 dan ortiq davlat iqlimga mos turizmni rivojlantirishga kelishib oldi. BMT Jahon sayyohlik tashkiloti ijrochi direktori Zoritsa Urosevich 20 noyabr, chorshanba kuni jurnalistlar bilan suhbatda bu qarorni «tarixiy bosqich» deb atadi.

U iqlimga mos turizm birinchi marta BMTning iqlimni muhofaza qilish maqsadlaridan biriga aylanganini ta’kidladi. Usorevichning so‘zlariga ko‘ra, turizm biznesi jahon yalpi ichki mahsulotining 3 foizini tashkil qiladi, shu bilan birga, bu sektor dunyodagi parnik gazlarining 9 foizini ishlab chiqaradi.

Qayd etilishicha, Bokuda tegishli kelishuvni imzolagan davlatlar iqlim muhofazasini turizm sohasida muhimroq omilga aylantirmoqchi. Shu bilan birga, aniq maqsadlarga erishish rejalashtirilgan.

World Sustainable Hospitality Alliance mehmonxona biznesi birlashmasi o‘z faoliyati davomida parnik gazlari tashlamalari, suv va energiya iste’moli kabi ma’lumotlarni yozib olishi va hisobot berishini e’lon qildi. Assotsiatsiya rahbari Glenn Madziukning aytishicha, bu ma’lumotlar turizm sanoati vakillari va sayohatchilarga o‘z harakatlari oqibatlarini tushunishga yordam beradi. «Biz har bir sayyohlik yo‘nalishini himoya qilishdan manfaatdor bo‘lgan sektormiz», dedi u Bokudagi forum chog‘ida.

World Sustainable Hospitality Alliance birlashmasi jami 7 million xonaga ega 55 ming mehmonxona manfaatlarini ifodalaydi. Tashkilot a’zolari orasida Accor, Hilton va Marriott kabi mehmonxona tarmoqlari ham bor.

 

Mavzuga oid