Devorga skotchlangan “banan” 6,2 mln dollarga sotildi
Mazkur banan italiyalik rassom Mauritsio Kattelanning asari. U ilk bor 2019 yilda Mayamidagi ko‘rgazmada namoyish etilgan va shov-shuvga sabab bo‘lgan.
Devorga skotch bilan yopishtirilgan banan Nyu Yorkdagi Sotheby’s kimoshdi savdosida 6,2 million dollarga sotildi.
Oq devorga kumush rang skotch bilan yopishtirilgan sariq banan — italiyalik rassom Mauritsio Kattelanning “Komik” nomli asari. U ilk bor 2019 yilda Art Basel Miami Beach ko‘rgazmasida namoyish etilgan va keng muhokamaga sabab bo‘lgan.
Bu hazilmidi yoki san’at dunyosining ustidan kulish? Rassomlardan biri devordagi bananni olib yeb qo‘ygan. O‘rniga boshqa banan keltirilgan. Selfi ishqibozlari shu qadar ko‘payib ketganidan, “Komik” asari ko‘zdan pana joyga olib qo‘yilgan, ammo Perrotin galereyasi ma’lumotlariga ko‘ra, uning uchta nusxasi 120 000 dollardan 150 000 dollargacha sotilgan.
20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Sotheby’s kimoshdi savdosida konseptual san’at asari xitoylik tadbirkor Jastin San tomonidan sotib olingan. Sotheby’s zamonaviy san’at bo‘limi rahbari Devid Galperin bu asarni chuqur ma’noli va bahsli deb ta’rifladi.
“Aslida, Kattelan zamonaviy san’at olamiga ko‘zgu tutyapti va bizni san’at asarlarini qanday qadrlashimiz, nimani san’at asari deb tushunishimiz haqida o‘ylashga undovchi savollarni ko‘taryapti”, — dedi Galperin.
Kimoshdi ishtirokchilariga sotilgan mevalar aynan Mayamida ko‘rsatilgan bananlar emas. Ular allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan. Sotheby’s ta’kidlashicha, mevalar, xuddi lenta kabi, muntazam almashtirib turiladi.
“Kattelanning “Komik” asarini sotib olganingizda, aslida bananning o‘zini emas, balki haqiqiylik sertifikatini xarid qilasiz. Bu sertifikat sizga banan va skotch yordamida uyingizdagi devorda Mauritsio Kattelanning original san’at asarini qayta yaratish huquqi va vakolatini beradi”, — dedi Galperin.
Kattelan o‘z asariga jiddiy qarashlarini istamagan bo‘lishi mumkin, buni uning nomidanoq payqash mumkin. Ammo Kolumbiya universiteti San’at maktabi dotsenti Kloye Kuper Jons bu masalani chuqurroq o‘ylash kerakligini ta’kidladi.
Kattelan o‘z ishini badavlat kolleksionerlar tashrif buyurgan yarmarkada namoyish etdi. U yerda “Komik” ijtimoiy tarmoqlarda katta e’tibor tortishiga shubha yo‘q edi. Uning aytishicha, asar kolleksionerlar uchun bema’ni narsaga sarmoya kiritishga chaqiriq bo‘lishi mumkin.
Kuper Jons banan faqat boylarni masxara qilish vositasi emasligini ta’kidladi. U Kattelanani ko‘pincha “firibgar rassom” deb hisoblashlarini eslatdi.
“Biroq uning asarlari ko‘pincha hazil va chuqur dahshat oralig‘ida turadi. U shunchaki provokatsiya emas, balki tarixning eng qorong‘i tomonlariga va o‘zimizga nazar solishga undash yo‘llarini izlaydi”.
Bananning ham qora tomoni bor bu – meva tarixi imperializm, mehnatni ekspluatatsiya qilish va korporativ hokimiyat bilan chambarchas bog‘liq.
“Global savdo va uning barcha ekspluatatsiyalarini ifodalash uchun banandan yaxshiroq va oddiyroq ramz topish qiyin bo‘lardi”, — dedi Kuper Jons.