O‘zbekiston | 13:52 / 22.11.2024
843
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi

AQSh O‘zbekiston O‘simliklarni himoya qilish va karantini agentligiga 205 ming dollarlik laboratoriya jihozlarini topshirdi
 
19 noyabr kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklarni himoya qilish va karantini agentligiga AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi tomonidan (USAID) 205 ming dollarlik laboratoriya uskunalari topshirildi.

AQSh elchixonasi xabariga ko‘ra, yangi uskunalar agentlikning Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida o‘simliklarning salomatligini tahlil qilish imkoniyatlarini oshirib, O‘zbekistonning xalqaro qishloq xo‘jaligi standartlariga, xususan, Xalqaro o‘simliklarni himoya qilish konvensiyasi (IPPC) doirasidagi talablarga muvofiqligini ta’minlaydi.

Jihozlar IPPC doirasida laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazishda muhim rol o‘ynaydi, bu esa diagnostika xatolarini kamaytirish va o‘simliklarning sog‘ligini tahlil qilish jarayonlarini tezlashtirishga yordam beradi. Bu O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi va o‘simliklarni himoya qilishni yaxshilash hamda xalqaro hamkorlar bilan savdo standartlarini oshirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.

O‘simliklarni himoya qilish va karantini agentligi 2021 yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi negizida tashkil etilgan. Unga tuproqni agrokimyoviy tahlil qilish va o‘g‘it sifatini nazorat qilish, o‘simliklar klinikasi va biologik laboratoriyalarni rivojlantirish, daraxt, buta va gullarni zararkunandalardan himoya qilishni nazorat qilish kabi vazifalar yuklangan.

Mavzuga oid