O‘zbekiston | 18:17 / 22.11.2024
2909
2 daqiqa o‘qiladi

«Toshshahartransxizmat»ga yangi rais tayinlandi

Sanjar Sattorov «Toshshahartransxizmat» AJ boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Aksiyadorlik jamiyatining oldingi raisi Anvar Jo‘rayev fevral oyi boshida qamoqqa olingan edi.

Foto: Toshshahartransxizmat

Sanjar Sattorov «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Sanjar Sattorov 1979 yil 15 noyabrda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 2001 yilda Toshkent avtomobil yo‘llari institutining bakalavr bosqichini, 2005 yilda Toshkent avtomobil yo‘llari institutida magistratura bosqichini avtotransport vositalaridan foydalanish, avtotransportda xalqaro yuk tashish yo‘nalishini tamomlagan.

Tayinlovga qadar u O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining turli lavozimlarida, Transport vazirligi tasarrufidagi Uzautotrans Service MChJ bosh direktori, Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari hamda Transport nazorati inspeksiyasi Avtomobil va suv transportida nazorat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida «Toshshahartransxizmat» AJ raisi (bir vaqtning o‘zida Transport vazirligi Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan) Anvar Jo‘rayev qamoqqa olingani xabar qilingandi. U avtobus saroylaridagi ehtiyot qismlar, yoqilg‘i mahsulotlarini talon-toroj qilish yo‘li bilan davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda iqtisodiy zarar yetkazishda ayblangan. Anvar Jo‘rayev 2017-2018 yillarda «Toshshahartransxizmat» raisi bo‘lgan, biroz muddat ishdan olinib, 2019 yilda yana shu lavozimga qaytarilgan.

Shuningdek, Mirakbar Ikromov Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Mirakbar Ikromov 1981 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006 yilda Toshkent aviatsiya institutining marketing yo‘nalishini tamomlagan. Tayinlovga qadar u Transport vazirligi Avtomobil va jamoat transporti departamenti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Mavzuga oid