Jahon | 17:39
597
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda gumanitar yordam xodimlari o‘limi bo‘yicha rekord o‘rnatildi – BMT

Gumanitar yordam xodimlari orasida o‘lim holatlarining ko‘paygani birinchi navbatda G‘azo sektoridagi urush bilan bog‘liq ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: AFP

2024 yil gumanitar yordam xodimlari uchun rekord darajadagi halokatli yil bo‘ldi, ulardan 281 nafari halok bo‘ldi. Bu haqda BMT Favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatish bo‘yicha yangi koordinatori Tom Fletcher ma’lum qildi.

Qayd qilinishicha, bu 2023 yilga nisbatan bir o‘limga ko‘p. Gumanitar yordam xodimlari orasida o‘lim holatlarining ko‘pligi birinchi navbatda G‘azo sektoridagi urush bilan bog‘liq. Ko‘plab xodimlar o‘z xizmat vazifacini bajarish va insonparvarlik yordami ko‘rsatish chog‘ida halok bo‘lgan. Ularning aksariyati BMT Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam agentligi (UNRWA) xodimlari edi.

Gumanitar yordam xodimlari Afg‘oniston, Kongo Demokratik Respublikasi, Janubiy Sudan, Sudan, Ukraina va Yaman va boshqa mamlakatlarda tahdidlarga duch kelmoqda.

Halok bo‘lganlarning aksariyati nodavlat tashkilotlar, BMT agentliklari va Xalqaro Qizil Xoch/Qizil Yarim Oy harakatida ishlayotgan mahalliy aholidir.

Qayd qilinishicha, o‘tgan yili 14 ta qurolli to‘qnashuvda 33 mingdan ortiq tinch aholi o‘limi qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 72 foizga oshgan.

Xavflarga qaramay, gumanitar tashkilotlar o‘tgan yili deyarli 144 million kishiga yordam ko‘rsatib, aholiga yordam berishda davom etgan. 2024 yil noyabr oyi holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 116 milliondan ortiq odam gumanitar yordam olgan.

2024 yil 24 mayda insonparvarlik yordami xodimlariga nisbatan zo‘ravonlikning kuchayishiga javoban BMT Xavfsizlik Kengashi 2730-rezolyutsiyani qabul qildi. Ushbu hujjatga ko‘ra, bosh kotibga bunday hodisalarning oldini olish, insonparvarlik xodimlari va aktivlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni tavsiya etish vakolati berilgan. BMT rahbarining tavsiyalari 26 noyabr kuni Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida taqdim etiladi.

Mavzuga oid