Politico: Xitoy iqlim siyosati poygasida AQSh va YeIdan o‘zib ketdi
2023 yilning o‘zida Xitoy firmalari xorijdagi toza texnologiyalarga 100 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritgan.
Xitoy iqlim himoyasi siyosati bo‘yicha yetakchilikda AQSh va Yevropa Ittifoqini ortda qoldirmoqda, deb yozadi Politico nashri.
Yevropalik jurnalistlar fikricha, Xitoy rahbariyati toza energiya ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylanish uchun o‘nlab yillardan beri harakat qilib keladi. Xitoy hech qachon AQSh va Yevropa Ittifoqi talab qiladigan mehnat va atrof-muhit kafolatlarini talab qilmagan. Bu esa Pekinga Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi hukumatlari bilan mazkur yo‘nalishda ittifoqlar tuzish imkonini bergan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning o‘zida Xitoy firmalari xorijdagi toza texnologiyalarga 100 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritgan. Ayniqsa, Xitoy Afrikada faol ishlamoqda — ushbu qit’ada u 2021 yildan beri quyosh energiyasi sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha jami 55 ta bitimning 51 tasini imzolagan.
Ta’kidlanishicha, rivojlanayotgan davlatlar endilikda savdo munosabatlari bo‘yicha Yevropa va AQSh bilan yuzaga keladigan bahslarda asosan Xitoy tarafini olmoqda.
«Xitoy iqlim o‘zgarishi muammolarini hal etishga o‘z hissasini qo‘shdi. Kelajakda Xitoy yanada ko‘proq hissa qo‘shmoqlik uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi», — deydi XXR atrof-muhit muhofazasi vazirining birinchi o‘rinbosari Chjao Inmin.
Maqola mualliflari, shuningdek, Bryussel va Vashingtonda «Pekin bilan raqobat qilish uchun mablag‘ yetishmayotganini» tan olgan. Politico’ning yozishicha, Xitoyning AQSh va YeIga nisbatan ustunligi shu darajaga yetganki, Pekin toza texnologiyalar sohasida ularni hatto raqobatchi sifatida ham ko‘rmayapti.
Mavzuga oid
02:02
Kanada Mudofaa vazirligi Xitoyni Arktikada razvedka ma’lumotlarini to‘plashda aybladi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13 / 21.11.2024
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
15:22 / 21.11.2024