Jahon | 18:44
4762
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa yangi energetika inqiroziga duch kelmoqda - OAV

Qish yaqinlashishi bilan gaz omborlaridagi zaxiralar qisqarmoqda, narxlar esa keskin ko‘tarilib ketgan.

Foto: Jason Tschepljakow/picture alliance/Getty Images

Gaz zaxiralarining tez tugashi va Rossiya ta’minotidagi uzilishlar Yevropada yangi energetika inqirozi uchun dastlabki sharoitlarni yaratmoqda. Ukrainadagi urush joriy yilda gaz narxining taxminan 45 foizga oshishiga yordam berdi, deb yozdi Bloomberg.

Qayd qilinishicha, narx hali ham 2022 yilgi rekord darajadan past bo‘lsa-da, bu uy xo‘jaliklari uchun inqirozni kuchaytirish va allaqachon qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan ishlab chiqaruvchilarga bosimini oshirish uchun yetarlicha yuqori.

Gaz omborlari eng sovuq davrlarda qutqaruvchi vositadir, biroq bu yil sovuq harorat isitishga talabni oshirmoqda va qurg‘oqchilik elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun gazdan ko‘proq foydalanishga majbur qilgan, oqibatda zaxiralar tezda kamayib bormoqda.

Garchi Yevropa Ittifoqi Rossiyadan gaz qaramligini kamaytirgan bo‘lsa-da, gaz ta’minotining navbatdagi yo‘llaridan birining yo‘qotilishi gaz bozoriga yanada katta bosim o‘tkazadi va jahon narxlarining keskin oshishiga olib keladi. Yevropa allaqachon yil oxirida Rossiya gazining Ukraina orqali yetkazib berilishini to‘xtatilishiga hozirdan tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Tizimga bosimning yana bir noodatiy belgisi shundaki, gaz arzon bo‘lishi kerak bo‘lgan yoz uchun narxlar keyingi qishga qaraganda yuqori. Bu shuni ko‘rsatadiki, energiya xarajatlari uzoq vaqt davomida yuqori bo‘lib qoladi va qishki zaxiralar darajasi qanchalik past bo‘lsa, ularni to‘ldirish shunchalik qiyin bo‘ladi.

Xalqaro energetika agentligi ijrochi direktori Fotih Birol xavotiriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvarda Rossiya yoqilg‘isining Ukraina orqali tranziti to‘xtasa, Yevropa qish oxirigacha yetadigan zaxiraga muhtoj.

Avvalroq AQSh Rossiyaning eng yirik banklaridan biri «Gazprombank»ga qarshi sanksiyalar kiritdi. Sababi: Moskva undan harbiy texnika sotib olish va harbiy xizmatchilar va ularning oilalariga to‘lovlar qilishda foydalangan. Shu bilan birga, hali ham Rossiya gazini sotib olayotgan Yevropa davlatlari ta’minot uchun to‘lovni «Gazprombank» orqali amalga oshiradi va sanksiyalar joriy etilishi bu imkoniyatni yopishi mumkin.

Mavzuga oid