Sobiq diplomat Qodirjon Yusupov vafot etdi
Xalqaro tashkilotlarning ma’lum qilishicha, sobiq diplomat 14 noyabr kuni 73 yoshida vafot etgan. Yusupov 2018 yilda davlatga xiyonatda ayblanib, 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, shu yil iyun oyida jazoni o‘tab, ozodlikka chiqqandi.
Davlatga xiyonatda ayblanib, qamoqqa olingan sobiq o‘zbek diplomati Qodir Yusupov 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda xalqaro inson huquqlari tashkiloti – Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi xabar berdi. Huquq tashkilotlariga ko‘ra, Yusupov ruhiy kasallikdan aziyat chekayotgan bo‘lgan.
Qodirjon Yusupov Tashqi ishlar vazirligining sobiq xodimi. O‘tgan yillar davomida O‘zbekistonning Avstriya, Buyuk Britaniya, Sudan, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi elchixonalarida, shuningdek, O‘zbekistonning BMT va YeXHT doimiy vakolatxonasida ishlagan. 2009 yilda u xizmat muddati tugashi munosabati bilan Venadan Toshkentga qaytib keldi.
2018 yil 3 dekabr kuni u Toshkent shahridagi «Pushkin» metro bekatida relslarga yiqilib tushdi. Uning oilasi bu og‘ir psixologik holat tufayli o‘z joniga qasd qilishga urinish bo‘lganini ma’lum qilgan edi.
Sobiq diplomat jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi. 10 dekabr kuni Qodirjon Yusupov xorijiy davlatlar foydasiga davlatga xiyonat qilganlikda ayblanib hibsga olindi va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 157-moddasi 1-qismi bilan ayblov e’lon qilindi.
Harbiy sud ishni 2019 yil 24 iyun kuni ko‘rishni boshladi. Jinoyat ishi bo‘yicha sud majlislari yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi. Diplomat 2020 yil yanvarida davlatga xiyonatda ayblanib, 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.
Qodirjon Yusupov 10 iyun kuni jazoni to‘liq o‘tab, ozodlikka chiqdi. Jazoni o‘tash muddati hibsga olingan kun — 2018 yil 10 dekabrdan boshlab hisoblangan.
Mavzuga oid
14:21 / 20.10.2024
AQShga qochgan diplomat: okean ortidan siyosiy boshpana so‘ragan sovet amaldori
10:30 / 20.09.2024
O‘zbekiston va Britaniya bo‘lajak diplomatlarni tayyorlash sohasida hamkorlik qilishi mumkin
22:01 / 14.06.2024
Sobiq diplomat Qodirjon Yusupov jazo muddatini o‘tab, ozodlikka chiqdi
09:30 / 26.04.2023