Iqtisodiyot | 20:54 / 26.11.2024
2629
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat budjetining 9 oylik ijrosi. Defitsit – 36 trln so‘m

Yanvar–sentabr oylarida konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 36 trln so‘m, mahalliy budjetlar defitsiti esa 20 trln so‘mni tashkil etgan. Hududlar kesimida eng katta defitsit Andijon viloyatida qayd etilgan. Energetika sohasiga 12 trln so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri subsidiyalar berilgan.

Foto: Abubakir Yunusov

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 9 oylik budjet ijrosi bo‘yicha ma’lumot berdi.

Hisobot davrida konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 272,1 trln so‘mni, xarajatlari esa 307,9 trln so‘mni tashkil etgan. Taqchillik – 35,8 trln so‘m yoki YaIMning 2,5 foizi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 52,6 trln so‘m miqdorida tasdiqlangan.

Yanvar-sentabr oylarida davlat budjeti daromadlari 193,6 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,1 foizga o‘sgan. Daromadlar quyidagi manbalar hisobidan shakllangan:

  • bevosita soliqlar – 64,1 trln so‘m;
  • bilvosita soliqlar – 62,3 trln so‘m;
  • resurs to‘lovlari va mulk solig‘i – 26,5 trln so‘m;
  • boshqa daromadlar – 40,7 trln so‘m.

Hisobot davrida davlat budjeti xarajatlari 219,3 trln so‘m bo‘lgan va o‘tgan yilning 9 oyiga nisbatan xarajatlar 8,9 foizga oshgan. Budjet xarajatlarining iqtisodiy tasnif bo‘yicha ijrosi quyidagicha bo‘lgan:

  • ish haqi – 71 trln so‘m;
  • kapital qo‘yilmalar – 9,4 trln so‘m;
  • asosiy vositalar xarid qilish bo‘yicha xarajatlar – 3,3 trln so‘m;
  • subsidiyalar – 19,8 trln so‘m;
  • ijtimoiy nafaqalar – 13,6 trln so‘m;
  • transfertlar – 23,4 trln so‘m;
  • ijtimoiy ajratmalar – 17,7 trln so‘m;
  • tovar va xizmatlar xarid qilish – 18 trln so‘m;
  • foiz to‘lovlari – 9,6 trln so‘m.

Mahalliy budjetlarning moliyaviy holati

2024 yilning 9 oyida mahalliy budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi salbiy farq 19,9 trln so‘mni tashkil etgan.

Hududlar kesimida eng katta defitsit Andijon viloyatida qayd etilgan. Viloyatda mahalliy budjet daromadlari 2,72 trln so‘m, xarajatlari esa 4,84 trn so‘m, defitsit 2,12 trln so‘m bo‘lgan. Keyingi eng yomon ko‘rsatkichlar Farg‘ona (taqchillik – 1,96 trln so‘m) va Namangan (taqchillik – 1,83 trln so‘m) viloyatlarida kuzatilgan.

Eng kam taqchillik Navoiy viloyatida shakllangan – 581 mlrd so‘m.

Defitsitni qoplash uchun ajratilgan budjetlararo tartibga soluvchi transfertlarning eng katta qismi quyidagi hududlarga berilgan – Andijon viloyati (1,68 trn so‘m), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (1,66 trln so‘m) va Namangan viloyati (1,62 trln so‘m).

Subsidiyalar

2024 yilning uch choragida davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 19 trln 816 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Yanvar-sentabr oylarida subsidiya mablag‘larining katta qismi quyidagi maqsadlarda ishlatilgan:

  • ichki bozorda tabiiy gazni ulgurji sotib olish va sotish o‘rtasidagi zararlarni qoplash – 9,5 trln so‘m;
  • issiqlik ta’minoti korxonalari zararini qoplash xarajatlari – 2,5 trln so‘m;
  • nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga subsidiyalar – 2,44 trln so‘m;
  • aholi tomonidan uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar – 914 mlrd so‘m;
  • jamoat transportida yo‘lovchilar tashish uchun subsidiyalar – 798 mlrd so‘m;
  • “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJning mablag‘larini shakllantirish – 614 mlrd so‘m;
  • geologiya-qidiruv ishlari uchun ajratilgan subsidiyalar – 589 mlrd so‘m;
  • qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga subsidiyalar – 467 mlrd so‘m;
  • elektropoyezdlarda yo‘lovchilar tashishni subsidiyalashga – 292 mlrd so‘m.

Avvalroq, 2025 yilda davlat budjeti hisobidan ajratilishi belgilangan subsidiyalarning umumiy qiymati 28,3 trln so‘mni tashkil etishi xabar qilingandi.

Mavzuga oid