Jahon | 11:58
3054
3 daqiqa o‘qiladi

RFning Dniproga zarbasi NATOni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan qaytara olmaydi

Rossiya «Oreshnik» ballistik raketasini uchirgach, NATO ittifoqchilari Rossiyaning tinch aholiga qarshi hujumini qoralab, Ukrainaga yordam berish davom etishini e’lon qildi.

Foto: AP

NATO-Ukraina kengashi elchilar darajasida Rossiya o‘tgan hafta Dnipro bo‘ylab o‘rta masofaga mo‘ljallangan eksperimental ballistik raketani uchirgach, mamlakatdagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildi. 26 noyabr, seshanba kuni Bryusselda o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha alyans matbuot xizmati «uchrashuv chog‘ida NATO ittifoqchilari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqlagani»ni bildirdi.

Kiyev iltimosiga ko‘ra chaqirilgan Ukraina-NATO kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida Ukraina harbiy qo‘mondonligi vakillari video-aloqa orqali so‘zladi. «Dniproga qaratilgan hujum Rossiyaning Ukraina tinch aholisini qo‘rqitish va Ukrainani Rossiyaning noqonuniy va asossiz tajovuzidan himoya qilayotganlarni qo‘rqitishga qaratilgan navbatdagi urinishi sifatida ko‘rilmoqda», — deyiladi NATO matbuot bayonotida.

Shimoliy Atlantika alyansi Rossiyaning eksperimental ballistik raketadan foydalanishi «mojaroning borishini o‘zgartirmasligini va NATO ittifoqchilarini Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtatib qo‘ymasligini» tasdiqladi.

RFning Dniproga raketa zarbasi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 noyabr kuni Rossiya armiyasi Dnipro shahriga «yadroviy bo‘lmagan gipertovushli uskunadagi ballistik raketa» bilan «Rossiyaning eng yangi o‘rta masofali «Oreshnik» tizimi» yordamida hujum qilganini aytdi. Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasining (GUR) ma’lum qilishicha, zarba «Kedr» raketasi tomonidan berilgan bo‘lishi mumkin.

Rossiyaning Dniproga raketa hujumi ortidan NATO bosh kotibi Mark Ryutte elchilar darajasida NATO-Ukraina kengashi yig‘ilishini o‘tkazdi.

Bayden hozircha Ukrainani NATOga taklif etishga chaqirmaslikka qaror qildi

Oq uy Ukrainani NATOga a’zo bo‘lish uchun rasmiy taklif qilishga oshkor chaqiriq bilan chiqmoqchi edi, ammo bunday qilmaslikka qaror qildi. Bu haqda Bloomberg 23 noyabr kuni yozgan. Unga ko‘ra, amaldagi prezident Jo Bayden ma’muriyati «qisqa muddatda muvaffaqiyat qozonish ehtimoli pastligini hisobga olib,» bunday ramziy chaqiriq g‘oyasidan voz kechgan. Buning o‘rniga, deb yozadi Bloomberg, Ukrainaga shunday kafolatlar beradigan ikki tomonlama xavfsizlik kelishuvlarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Agentlik qayd etishicha, «Bayden Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga Donald Trampning 2025 yil 20 yanvarga rejalashtirilgan inauguratsiyasi oldidan imkon qadar kuchli yordam ko‘rsatishga harakat qilmoqda». Oq uy tomonidan qabul qilingan eng muhim qarorlardan biri Ukrainaga Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga uzoq masofali G‘arb qurollari bilan zarba yo‘llash uchun berilgan ruxsatdir. Bundan tashqari, Braziliyada o‘tkazilgan G20 sammitida Bayden Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Mavzuga oid