Jahon | 23:42 / 27.11.2024
1294
2 daqiqa o‘qiladi

Volkswagen ko‘plab ayblovlardan keyin Xitoydagi zavodini sotdi

Zavod 2012 yilda Xitoyning SAIC kompaniyasi bilan hamkorlikda ochilgan. Bu mintaqadagi birinchi avtomobil zavodi edi, loyiha qiymati 170 million yevroni tashkil etgan.

Foto: Point

Germaniyaning Volkswagen avtomobil konserni Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududidagi zavodini majburiy mehnatdan foydalanganiga oid ko‘plab ayblovlardan keyin yopdi, deb xabar beradi Bild. Ushbu hududda asosan musulmon uyg‘urlari yashaydi.

BMT va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari ma’lumotlariga ko‘ra, Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududida «qayta tarbiyalash lagerlari» mavjud bo‘lib, u yerda insonlarning bir qator huquqlari buziladi, jumladan, uyg‘urlar majburiy mehnatga jalb etiladi.

Zavod 2012 yilda Xitoyning SAIC kompaniyasi bilan hamkorlikda ochilgan. Bu mintaqadagi birinchi avtomobil zavodi edi, loyiha qiymati 170 million yevroni tashkil etgan.

Volkswagen rahbariyati uzoq vaqt obektda inson huquqlari buzilishini rad etib keldi. Ammo xalqaro hamjamiyat bosimini muntazam oshib bordi. Joriy yilning sentabr oyida turli davlatlardan bo‘lgan 50 nafardan ortiq parlamentariy kompaniyaga mintaqani tark etish talabini qo‘ygandi.

Volkswagenʼning Xitoy bo‘linmasi rahbari Ralf Brandshtetter konsern zavoddagi birorta qonunbuzarlik hoaltini aniqlamaganini va u ishlashni davom ettirishini ma’lum qilgandi. Ammo tanqidchilar va savdolar hajmining kamayib ketgani kompaniyani o‘z rejasini qayta ko‘rib chiqishga majburladi.

2024 yilning dastlabki to‘qqiz oyida Volkswagen savdolari Xitoyda 12 foizga tushib ketgan. Shunga qaramay kompaniya bosh direktori Tomas Shefer konsern Xitoy bozoridagi strategik ishtirokiga sodiq ekanini ta’kidlagan.

Avvalroq Volkswagen kompaniyasi Germaniya hududida kamida uchta zavodini yopishi va o‘n minglab ish o‘rinlarini qisqartirishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, konsernda ishlashni davom etadigan xodimlar ish haqi 10 foizga qisqarishi va kelgusi ikki yilda oshirilmasligiga tayyor turishi kerak.

Mavzuga oid