Jahon | 09:55
2978
2 daqiqa o‘qiladi

Shusharida Aurus ishlab chiqarish noma’lum muddatga qoldirildi

Rossiya hukumati hashamatli va yuqori toifali avtomobillar ishlab chiqarish uchun xitoylik investorlarni jalb qila olmadi.

Foto: AP

Sankt-Peterburg yaqinidagi Shusharidagi sobiq Toyota zavodida hashamatli va yuqori toifali Aurus avtomobillarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqda 28 noyabr, payshanba kuni «Vedomosti» xabar berdi.

27 noyabr kuni «Rossiya sanoatchisi» xalqaro ko‘rgazma-forumi arafasida Sankt-Peterburg sanoat siyosati, innovatsiyalar va savdo qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Aleksandr Sitov ham ushbu avtomobillar shu yilning oxirigacha ishlab chiqarilmasligini aytdi. 2024 yil may oyida bosh vazir o‘rinbosari Denis Manturov 2025 yilgacha Shusharida Aurus ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga va’da bergan edi.

«Vedomosti» suhbatdoshlari vaqt o‘zgarishini Aurus Xitoydan bo‘lajak hamkor bilan kelisha olmagani bilan izohladi. Nashr manbalaridan birining aniqlik kiritishicha, Xitoyning Hongqi (FAW'ning lyuks bo‘limi) shirkatini Shushariga jalb etilishi rejalashtirilgan, biroq investor sanksiyalar tufayli hamkorlik qilishdan bosh tortgan. Aurus kompaniyasi 2024 yil fevralida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Sanoat va savdo vazirligi vakili nashrni Shusharida avtomobillarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari dolzarbligicha qolayotganiga ishontirib, vaqt «moslashuvchan» ekanligini ta’kidladi. Avvalroq, Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi 2025 yil oxirida Yelabugadagi zavodda Aurus Senat rusumli avtomobillarni seriyali ishlab chiqarish boshlanishini va’da qilgan edi.

Mavzuga oid