O‘zbekiston | 13:44
8302
12 daqiqa o‘qiladi

Katta terror qurboni: Javoharlal Neru qidirgan Bulat Soliyev kim edi?

Bulat Soliyev – birinchi o‘zbek tarix professori. U o‘z asarlarida sovet mafkurachilari tomonidan ayovsiz tahqirlangan Amir Temur shaxsiyatini ochib bergan. Xalqni o‘zining haqiqiy tarixi bilan tanishtirish yo‘lidagi harakatlari ortidan tarixchi olim sovet maxsus xizmatlari tomonidan ta’qibga uchraydi va qamoqqa olinadi. U “millatchilik va panturkistik” g‘oyalarni targ‘ib qilishda ayblanib, 1938 yil 28 fevralda otib tashlanadi.

1955 yil 15 iyun kuni SSSRga rasmiy tashrif bilan borgan Hindistonning birinchi Bosh vaziri Javoharlal Neru Toshkentga keladi. Nufuzli mehmon sharafiga O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi majlislar zalida tantanali yig‘ilish tashkil etiladi. Tadbir yakuniga yetgach tarjimon SSSR Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari V.V.Kuznetsovga “Janob Bosh vazir, hurmatli professor Bulat Soli janoblari bilan uchrashmoqchi”, deydi. O‘sha paytdagi O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri G‘ani Sultonov u kishini tanimasligini aytib, vaziyatdan chiqmoqchi bo‘ladi. Hamma yalt etib O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi prezidenti Tesha Zohidovga qaraydi. Fanlar Akademiyasi olimalari Xadicha Sulaymonova va Sabohat Azimjonova labini tishlagancha yerga qarab turardi. Ozgina sukutdan so‘ng Tesha Zohidov o‘zini qo‘lga olib, “Janob bosh vazir, professor Po‘lat Soliyev ancha yillar avval yo‘lda vafot etgan. Qabri qayerdaligi noma’lum”, deydi. 

O‘sha paytda o‘zbekistonliklarni noqulay vaziyatga solib qo‘ygan va nomi tilga olinishi mumkin bo‘lmagan, 1938 yil 28 fevralda “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan bu kishi birinchi o‘zbek tarix professori Bulat (Po‘lat) Soliyev edi.

Professor Bulat (Po‘lat) Soliyev

Bulat Soliyev — O‘zbekiston ilm-fanining taniqli arbobi, Vatanimiz va umuman, O‘rta Osiyoda yangi tarixshunoslik ilmiy maktabining asoschilaridan biridir. U kishi 1882 yil 22 martda Astraxan shahrida, mang‘it urug‘iga mansub o‘zbek oilasida tug‘ilgan, shu boisdan rasmiy va ilmiy hujjatlarda goh Bulat, Bekbulat, keyinchalik Po‘lat ismlarini olgan. Qozon va Ufada madrasa ta’limini ko‘rgan, arab, fors, turk, rus, keyinchalik fransuz va nemis tillarini puxta o‘rgangan, 1909 yilda Turkistonga kelgan Bulat Soliyev jadid sifatida Turkistonning ko‘pgina shahar va viloyatlarida jumladan, Toshkent viloyati, Farg‘ona vodiysi, Jalolobod viloyati va boshqalarda o‘zining ma’rifiy faoliyatini boshlagan. Toshkent va Qo‘qonda maktablarda tarix, arifmetika, ona tilidan dars beradi.

1917 yilda Turkiston Muxtoriyati tashkil etilishida jonbozlik ko‘rsatadi va muxtoriyatning asosiy nashri bo‘lgan “El Bayrog‘i” gazetasining bosh muharriri bo‘ladi. 1918 yil Muxtoriyat tor-mor qilingach o‘zini ilmiy-pedagogik faoliyatga bag‘ishlaydi. 1918 yil noyabr oyida Bulat Soliyev Nazir To‘raqulov bilan birgalikda Qo‘qon Xalq universitetini tashkil etishda ishtirok etadi. Mazkur o‘quv dargohi asosan Farg‘ona vodiysidagi qishloq o‘qituvchilari malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi va Bulat Soliyev uning direktori etib saylanadi.

SSSRning butun 70 yillik umri davomida, tarix fan sifatida mafkuraviy aralashuv obekti bo‘lgan. Dastlab 1920-yillarning oxirigacha inqilobdan oldingi tarixchilik maktabi vakillari nisbatan erkin faoliyat yuritishgan, o‘z asarlarini o‘quv yurtlarida o‘qitishlari va nashr etishlari mumkin edi. Bunday yengillikning paydo bo‘lishiga 1920-1928 yillarda amalga oshirilgan Yangi iqtisodiy siyosat ham bir qadar imkon beradi. Shu tufayli ko‘plab jadid tarixchilari o‘z asarlari va maqolalarining katta qismini 1920-yillarda nashr etishgan.

Maskur davrda Bulat Soliyev o‘zining bir qancha asarlari bilan allaqachon mahalliy ziyolilar orasida yetuk tarixchi sifatida namoyon bo‘lgan edi. Bu yillarda olim bir qator juda qimmatli asarlarni yozadi. Jumladan: “Mang‘itlar saltanati davrida Hindiston Angliya zulmi ostida” 1920 yil, “Buxoro o‘lkasi” 1926 yil, “Buxoro tarixi” I qism, 1925 yil, “O‘rta Osiyoda savdo kapitali davri” 1926 yil, “O‘rta Osiyo tarixi XI-XV asrlar” 1926 yil, “O‘zbekiston tarixi” 1929 yil, “O‘zbekiston va Tojikiston” 1926 yil, “O‘rta Osiyoda islomning tarqalishi” 1928 yillarda nashr etildi. 1926 yilda Bulat Soliyevga professor unvoni beriladi.

Bulat Soliyevning yozish uslubi mutlaqo boshqacha edi. U asosan biror bir ilmiy muammoni ko‘tarayotganda odatda umuman boshqa narsa haqida yozayotgan bo‘lardi. Masalan, olimning 1920 yilda nashr etilgan “Angliya zulmi ostida Hindiston o‘lkasi” nomli asarida Bulat Soliyev tarixchi sifatida kapitalistik Angliyaning Hindistondagi kirdikorlarini ochib berishini xohlagan bo‘lsa-da, olim shu o‘rinda Lenin boshliq bolsheviklar hukumatining bosqinchilik siyosatini ham mohirlik bilan fosh qiladi. Masalan, olim ushbu asarda shunday deydi: “Hindistonga xavf bo‘lg‘onlig‘i uchun Angliya davlati Tibetni o‘ziga tobe qildi. O‘zining nazorati ostiga oldi. Tibet ixtiyorsiz suratda Angliyaga itoat etishga majbur bo‘ldi. Ko‘ngilga bir so‘roq keladir: Angliyaning Tibetga hujum etishga qanday haqqi bor? Tibetda qanday ishi bor? Qanday asosg‘a binoan Angliya davlati Tibetni o‘ziga qo‘shadi? Belgili bu ish haqqoniyatsizlik, adolatsizlikdir”. Ushbu savollarning barchasi aslida Turkistonni kuch bilan bosib olgan sovet dohiylariga qaratilgan edi.                           

Bulat Soliyev tomonidan yozilgan “Angliya zulmi ostida Hindiston o‘lkasi” kitobining kirish qismi

Sovet davlati tashkil topgan 1920-yillardayoq Po‘lat (Bulat) Soliyev Turkiston tarixiga oid darslik yozish ishiga jiddiy kirishadi. Biroq bolsheviklar Po‘lat Soliyev va boshqa mahalliy olimlar tomonidan tayyorlangan darslik loyihalarini doimiy ravishda rad etib keladi. Shunday bo‘lsa-da, Soliyev 1929 yilda “O‘zbekiston tarixi” kitobini nashr ettirishga muvaffaq bo‘ladi. Olim mazkur asarni yaratishda o‘rta asr muarrixlarining meroslaridan unumli foydalanadi. Muallif tarix sohasidagi mafkuraviy ko‘chkiga qarshi ekanligini ta’kidlagan holda, kitobning kirish qismiga, o‘sha kunlarda sovet mafkurachilari tomonidan ayovsiz tahqirlangan Amir Temur suratini ilova qiladi.

Bulat Soliyev tomonidan 1929 yilda nashr qilingan “O‘zbekiston tarixi” kitobi va uning kirish qismidagi Amir Temur surati

“O‘zbekiston tarixi” asari o‘quvchiga Amir Temur davrida Turkistonning jahon geosiyosatida qanday o‘rin tutgani va mintaqaning buyuk o‘tmishi haqida qimmatli ma’lumotlar berardi. Bundan sal avval, ya’ni 1927 yilda ham Po‘lat Soliyev “Maorif va o‘qituvchi” jurnalida “O‘zbeklar ham Temur bolalari” deb nomlangan maqolasi bilan katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Ushbu maqola chiqishi bilan sovet mafkurachilari o‘sha davrdagi davriy nashrlarda birin-ketin maqolasi haqida tanqidiy materiallar e’lon qila boshlaydi.  

Xalqini o‘zining haqiqiy tarixi bilan tanishtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan tarixchi olim sovet maxsus xizmatlari tomonidan ta’qibga uchramay qolmaydi. 

1933 yil avgust oyida VKP (b) Samarqand bo‘limi tomonidan olimning 1926 yilda nashr etilgan “O‘rta Osiyo tarixi” asari g‘oyaviy jihatdan “nobop” deb topiladi. Chunki asardagi Xorazmshohlar davlatining nufuzi va O‘rta Osiyoning XI asrda jahon ilm-u fani rivojiga qo‘shgan hissasi haqidagi ma’lumotlar sovetlarga yoqmagan edi. 1936 yilda tarixchilar qurultoyida Bulat Soliyev asarlari “O‘tmishni ideallashtirgan” va “panturkistik” deya baholanib oliy o‘quv yurtlarida darslik sifatida qo‘llash taqiqlab qo‘yildi. Uning mintaqa tarixiga keng va chuqur yondashish haqidagi talabi tez orada kommunist targ‘ibotchilarning keskin tanqidiga sabab bo‘ladi va ular Po‘lat Soliyevning tarixshunosligini “millatchilik va panturkistik” ruhda deya ta’riflaydi. 1937 yilda boshlangan “Katta terror” siyosati natijasida O‘zbekistondagi bir qator taniqli davlat arboblari va adabiyot namoyandalari hibsga olinadi. Bulat Soliyev boshida ham qora bulutlar aylana boshlaydi. 1937 yil sentabrda professor Bulat (Po‘lat) Soliyev Samarqanddagi O‘zbekiston davlat universitetidan bo‘shatildi.

Bulat Soliyev tomonidan 1926 yilda nashr etilgan “O‘rta Osiyo tarixi” kitobi

1937 yil 11 oktyabrda professor Soliyevni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqarildi. Unda jumladan shunday deyiladi: “Toshkent shahri, 1937 yil 11 oktyabr. Men O‘zbekiston NKVD 3 bo‘limi operativ xodimi — davlat xavfsizligi leytenanti Gaynitdinov panturkistik tashkilot a’zosi bo‘lgan Po‘lat Soliyevga tegishli hujjatlarni o‘rganish jarayonida uning butunlay O‘zbekistonda Sovet hokimiyatini ag‘darishni maqsad qilgan antisovet panturkistik tashkilot a’zosi bo‘lganini, mahalliy ziyolilar orasida muntazam ravishda sovetlarga qarshi tashviqot olib borganini aniqladim”, O‘zSSR Jinoyat kodeksining 49-modda “6“ bandiga asoslanib

QAROR QILINADI: 1882 yilda tavallud topgan, partiyasiz, Samarqand shahridagi O‘zbek Davlat universiteti professori, SSSR fuqarosi bo‘lmish Po‘lat Soliyev hibsga olinsin va O‘zSSR Jinoyat Majmuasining 60- va 67-moddalariga ko‘ra javobgarlikka tortilsin”.

Shu tariqa qariyb 5 oy davom etgan qiynoqlardan so‘ng 1938 yil 8 fevralda NKVD uchlik sudi Bulat Majidovich Soliyevni otuvga hukm qiladi. Hukm 1938 yil 28 fevralda ijro qilinadi. Shu tariqa birinchi o‘zbek tarix professori, musulmon sharqi xalqlarining bilimdoni Stalin boshliq qatag‘on mashinasi tomonidan mahv etildi.

Bulat Soliyevning asarlari nafaqat O‘zbekistonda, balki ko‘plab sharq xalqlari orasida anchayin shuhrat qozongan edi. 1954 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan Hindiston Bosh vazirining ham bu kishini yo‘qlagani bejiz emas edi. Olimning vafot etganini eshitgan hind siyosatchisi Bulat Soliyevning “Angliya zulmi ostida Hindiston o‘lkasi” asari hind ozodlik harakati namoyandalari orasida mashhur bo‘lgani, ularning ozodlik yo‘lida kurashlariga ilhom berganini aytarkan, Bulat Soliyevga minnatdorlik bildiradi.

O‘zbekiston SSR Oliy Sudi komissiyasining 1956 yil 29 aprelida chiqargan 32/4 raqamli qaroriga ko‘ra Bulat (Po‘lat) Soliyev haqidagi 1938 yil 7 fevraldagi qaror uning jinoyati tasdiqlanmagani tufayli bekor qilindi va haqiqat qaror topadi.

Ubaydulla Quvvataliyev,
Termiz davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori