O‘zbekiston | 21:47 / 02.12.2024
28765
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xorazmdagi pedofil amaldorlarga sanksiya kiritdi

2 dekabr – Xalqaro qullikka barham berish kunida AQSh Moliya vazirligi uch o‘zbekistonlikni Magnitskiy ro‘yxatiga qo‘shdi. Gap mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilib kelgan ikki amaldor va mehribonlik uyi mudirasi haqida ketmoqda.

Oybek Masharipov

AQSh Moliya vazirligi ular tomonidan inson huquqlari jiddiy tarzda buzilganini qayd etgan.

Sanksiyaga uchraganlar – Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov, Yangiariq tumani FVV sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazov va mehribonlik uyi sobiq mudirasi Yulduz Xudoyberganova.

“Yulduz Xudayberganova, Anvar Kuryazov va Oybek Masharipov davlat amaldori bo‘lgan davrda bir necha bor jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik va yetim bolalarni sotishda ishtirok etgan. O‘shanda Xudayberganova davlat mehribonlik uyi direktori, Masharipov Xorazm viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i, Kuryazov tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i edi. Xudayberganova kamida 10 oy davomida kamida uch nafar voyaga etmagan qizni pul va tovarlar evaziga kamida 6 nafar erkak bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan. Xudayberganova qizlarning talablarga rioya qilishlarini ta’minlash uchun turli xil majburlash usullarini qo‘llagan: jismoniy kaltaklash, tahdid qilish, ochlik va tengdoshlaridan ajratib qo‘yish shular jumlasidan. Masharipov ham, Kuryazov ham etim bolalar uyiga bergan “sovg‘a”lari uchun kompensatsiya sifatida ular bilan jinsiy aloqada bo‘lishni talab qilishgan. Kuryazov va Masharipov yosh qizlarni o‘lja qilish uchun bolalar uyiga bir necha bor tashrif buyurishgan”, – deyiladi AQSh Moliya vazirligi axborotida.

Endilikda ularga nisbatan viza cheklovlari joriy etiladi, ularning AQShda yoki AQSh nazoratida mulklari yoki mulkiy manfaatlari bo‘lsa, muzlatiladi, ushbu shaxslar 50 foiz yoki undan ortig‘iga egalik qiluvchi kompaniyalar ham sanksiyaga tushadi.

Mavzuga oid