Jahon | 14:36 / 08.12.2024
21087
3 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Bashar Asad aviahalokatga uchragan bo‘lishi mumkin

Bashar Asad poytaxtdan O‘rta yer dengizi sohillari tomon uchib ketgan, uning samolyoti Homs yaqinida pastlagan va radarlardan yo‘qolgan. Bu hududda Suriya armiyasi aviabazasi joylashgandi.

Foto: Keystone Press Agency / Global Look Press

Suriya prezidenti Bashar Asad aviahalokat qurboniga aylangan bo‘lishi mumkin, bu haqda Reuters agentligi respublikadagi ikki manbasiga asoslanib xabar tarqatdi. Xuddi shu vaqtda agentlik manbasi samolyot ekipaji transpondyorni ataylab o‘chirib qo‘ygan bo‘lishi va shu tufayli bort radarlardan yo‘qolgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmaydi.

«U radarlardan yo‘qoldi, transponderi o‘chirilgani uchun bo‘lishi ham mumkin, ammo men samolyot katta ehtimol bilan urib tushirilgan deb hisoblayman», — deya suhbatdoshning so‘zlarini keltirgan agentlik.

Agentlik Flightradar24 servisi ma’lumotlariga asoslanib, Damashq isyonchilar qo‘liga o‘tishidan biroz oldinroq Syrian Air aviakompaniyasining Il-76 rusumli samolyoti mahalliy vaqt bilan 8 dekabrga o‘tar kechasi soat 4:55 da Suriya poytaxti aeroportidan uchib ketganini yozgan. Samolyot bortida kim bo‘lgani oxirigacha aniq emas. Bu prezident Bashar Asad bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Samolyot avvaliga sharqqa, Iroq bilan chegara tomon uchgan, keyin esa birdaniga shimoli-g‘arbga burilib, mamlakatning Asadga moyil bo‘lgan alaviylar nazorati ostidagi, Rossiya harbiy bazalari joylashgan hududlari tomon ucha boshlagan, shundan keyin Homs yaqinida radarlardan yo‘qolib qolgan. Bu shaharni shu kunlarda isyonchilar o‘z nazoratiga olgandi.

FlightRadar ma’lumotiga ko‘ra, radarlardan g‘oyib bo‘lishidan oldin samolyot parvozi balandligi va tezligi asta-sekinlik bilan 2,6 km va 64 km/soatgacha pasaygan.

Bort oxirgi bor ko‘zga tashlangan hudud yaqinida, Al-Qusayrda Suriya harbiy-havo kuchlari aviabazasi joylashgan. Bu hudud hozirda isyonchilar qo‘liga o‘tgan, aviabaza kimning qo‘lida bo‘lgani esa ma’lum emas.

Suriya bosh vaziri Muhammad G‘oziy al-Jaloliy prezident qayerda ekanidan xabardor emasligi, u oxirgi bor 7 dekabr kuni aloqaga chiqqanini aytgan. Bosh vazir Damashqda qolgan, u hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishga tayyorligi, poytaxtni egallagan isyonchilar qo‘mondonligi bilan aloqa o‘rnatgani hamda mamlakatda zudlik bilan navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazish lozimligini ma’lum qilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid