Jahon | 18:53 / 29.12.2024
6998
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyaning yangi rahbari guruhni tarqatib yuborish rejasini ma’lum qildi

Shuningdek, Ahmad ash-Shar’a Suriya bo‘linib ketmasligini ta’kidladi.

Ahmad ash-Sharaa (Abu Muhammad al-Jo‘laniy nomi bilan mashhur)

Suriyada hokimiyat tepasiga kelgan «Hay’at Tahrir ash-Shom» (Hsh) guruhi rahbari Ahmad ash-Shar’a Milliy konferensiya davomida guruh tarqatib yuborilishini e’lon qilishini aytdi. Shu bilan birga, mamlakatda qonuniy saylovlarni o‘tkazish to‘rt yilga cho‘zilishi mumkin, dedi u Al-Arabiya telekanali bilan suhbatda.

Ahmad ash-Shar’a (Abu Muhammad al-Jo‘laniy nomi bilan mashhur) saylovlardan oldin aholini ro‘yxatga olish jarayoni o‘tkazilishi kerakligini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi Konstitutsiyani ishlab chiqish uch yilgacha davom etadi. Shu bilan birga, Suriyaning yangi hukumati rahbari mamlakat aholisi bir yil ichida ijtimoiy sohada ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rishiga va’da berdi.

Ash-Shar’a o‘tish davri ma’muriyati AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan va kurdlardan iborat Suriya demokratik kuchlari (SDF) bilan mamlakat shimoli-sharqidagi inqirozni hal qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini tasdiqladi. Natijada SDF milliy qurolli kuchlar tarkibiga qo‘shilishi kerak. U kurdlar Suriya tuzilmasining ajralmas qismi ekanini tasdiqlab, bo‘linish bo‘yicha har qanday rejalarni rad etdi.

«Suriya bo‘linib ketmaydi», deb ishontirdi ash-Shar’a.

Shu bilan birga, ash-Shar’a, Bashar Asadni hokimiyatdan ag‘dargan va unga asosiy muxolifat bo‘lgan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhining tarqatib yuborilishi Milliy muloqot konferensiyasida e’lon qilinishini aytdi.

Hsh boshchiligidagi islomiy guruhlar noyabr oyi oxirida Suriyada hujum boshladi. Ikki hafta o‘tgach, ular mamlakat poytaxtiga kirib, hokimiyatni egallab oldi. Prezident Bashar Asad esa Rossiyaga qochdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid