Jahon | 14:30 / 01.01.2025
1676
3 daqiqa o‘qiladi

Serbiyada talabalarning norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi

Minglab namoyishchilar Belgrad va Serbiyaning yana ikki shahrida Novi-Sad vokzalida tom qulashi ortidan aybdorlar jazolanishini talab qilib, namoyishga chiqdi.

Foto: Djordje Kojadinovic/REUTERS

Minglab talabalar Belgrad va Serbiyaning yana ikki shahrida Novi-Saddagi temiryo‘l vokzalida tom qulashidan jabr ko‘rganlar uchun adolat talabi bilan namoyishga chiqdi. Dpa va AFP agentliklarining 1 yanvar, chorshanba kuni xabar berishicha, yangi yil kechasida qurbonlar xotirasiga o‘n besh daqiqalik sukut saqlash aksiyasi tashkil etildi.

Tashkilotchilar asosan talabalar edi.

Belgradda universitet talabalari mahalliy hokimiyat organlari musiqa va teatr dasturlari bilan bayram tadbirlari tashkil etgan markaz bo‘ylab yurib o‘tdi. Namoyishlar boshlanishidan oldin tarqatilgan xabarda: «Bayram qiladigan hech narsa yo‘q», deyiladi.

Mamlakat janubi-sharqidagi Nish shahridagi talabalar ham yangi yil konsertlarini to‘xtatish uchun yurish qildi. Novi-Sadda talabalar namoyishi bo‘lib o‘tdi. Talabalar shahar hokimiyati binosiga qora lenta bog‘lab qo‘ydi.

Belgradda Novi-Saddagi fojia tufayli ommaviy namoyishlar o‘tkazildi

Serbiya poytaxti Belgradda 22 dekabr kuni o‘n minglab odamlar Novi-Sad shahridagi temiryo‘l vokzalida 15 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan tomning qulashi uchun javobgarlar jazosiz qolayotganidan norozilik bildirish uchun namoyishga chiqdi. 

Talabalar tomonidan fojia qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan aksiya Slaviya maydoni, gavjum aylanma chorraha hududida bo‘lib o‘tdi. 15 daqiqalik sukutdan so‘ng yig‘ilganlar hushtak chala boshladi.

Politsiya hisob-kitoblariga ko‘ra, tadbirda 29 ming kishi, jumladan, fermerlar, taniqli aktyorlar va mamlakatning boshqa hududlaridan kelgan aholi ishtirok etgan.

Serbiyada temiryo‘l vokzalida tom qulashi oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi

Serbiyada Novi-Sad shahridagi temiryo‘l vokzalida beton tom yopgichning qulashi natijasida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 15 kishi halok bo‘ldi, yana 30 kishi yaralandi, deb xabar berdi Serbiya Ichki ishlar vazirligi.

Avvalroq Serbiya ichki ishlar vaziri Ivitsa Dachich vayronalar ostidan sakkiz kishining jasadi topilganini ma’lum qilgandi. 

Hodisa sabablariga oydinlik kiritilmoqda. Stansiya yopiq. Serbiya bosh vaziri Milosh Vuchich bu voqea «Novi-Sadning urushdan keyingi tarixidagi eng og‘ir kunlardan biri» ekanini aytdi. U qulash sabablari o‘rganilib, aybdorlar jazolanishiga va’da bergandi. Tergovga Serbiya Bosh prokuraturasi rahbarlik qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid