Jahon | 16:57 / 01.01.2025
2339
2 daqiqa o‘qiladi

Sitsiliya va Italiya o‘rtasida ko‘prik quriladi

Qiymati 4,6 mlrd yevroga baholanayotgan ko‘prik 7,5 balli zilzila va soatiga 300 kilometrgacha tezlikda esadigan shamollarga ham bardosh bera oladi.

Foto: Shutterstock

Italiya markaziy hukumati va Sitsiliya mintaqaviy hokimiyati oktyabr oyida xususiy investorlar hamda muhandislik kompaniyalari bilan orol va materikni bog‘laydigan ko‘prikni qurish loyihasini muhokama qilgan edi.

Messina bo‘g‘ozi orqali o‘quvchi ko‘prik g‘oyasi dastlab Rim imperiyasi vaqtida paydo bo‘lgan. Ammo XIX, XX va XXI asrlardagi ko‘plab loyihalarga qaramay, ko‘prik qurilishi amalga oshmagan.

Shunday bo‘lsa-da, Italiyada ushbu mavzu bo‘yicha ko‘plab hazillar mavjud va «Messina orqali ko‘prik qurishsa» degan ibora ham paydo bo‘lgan. Sitsiliyani materik bilan bog‘lash borasidagi oxirgi loyihalardan biri 2020 yilda taqdim etilgan — unga ko‘ra suvosti tunneli qurilishi kerak edi.

Hozirda mamlakat hukumati yana ko‘prik qurish g‘oyasiga qaytgan. Uzunligi 3,6 ming metrni tashkil etadigan ko‘prik osma konstruksiyaga ega bo‘ladi. U dunyodagi eng uzun osma ko‘prikka aylanishi mumkin.

Rejaga ko‘ra, ko‘prik 7,5 balli zilzila va soatiga 300 kilometrgacha tezlikda esadigan shamollarga ham bardosh beradi. Ko‘prik uchta avtomobil polosasi va temiryo‘l ko‘tarmasiga ega bo‘ladi. Loyiha mualliflarining hisoblashicha, ko‘prik soatiga 6 mingtagacha yengil va yuk mashinalarini hamda kuniga 200 tagacha poyezdni o‘tkazish imkoniyatiga ega. Qurilish ishlari qariyb olti yil davom etadi. Loyiha qiymati 4,6 milliard yevro. Temiryo‘lni qurish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini Yevropa Ittifoqi o‘z zimmasiga oladi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid