Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Veymar uchburchagi» Gurjistondagi repressiyalarni qoraladi
Germaniya, Fransiya va Polsha tashqi ishlar vazirlari Gurjistonda inson huquqlarini hurmat qilishga chaqirdi. Tbilisining harakatlariga javoban Gurjistonning bir qator rasmiylari uchun Yevropa Ittifoqining vizasiz rejimi to‘xtatiladi, deb xabar berdi AFP.
Germaniya, Fransiya va Polsha tashqi ishlar vazirlari Gurjistonda muxolifatga nisbatan shafqatsiz repressiyani qoralab, mamlakatda inson huquqlarini hurmat qilishga chaqirdi. «Veymar uchburchagi» deklaratsiyasi 31 dekabr, seshanba kuni e’lon qilindi.
«Biz so‘nggi haftalarda tinch namoyishchilar, ommaviy axborot vositalari va muxolifat yetakchilariga nisbatan zo‘ravonliklarni so‘zsiz qoralaymiz», — deyiladi hujjatda.
Gurjistondan bir qator amaldorlar uchun vizasiz rejim to‘xtatildi
Tbilisining harakatlariga javoban, bir qator Gurjiston rasmiylari va hukumat vakillari uchun Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan vizasiz rejim to‘xtatiladi, deya ta’kidladi AFP agentligi.
Deklaratsiya mualliflari, shuningdek, Gurjiston hukumatini «inson huquqlarini hurmat qilish va asosiy erkinliklarni, jumladan, yig‘ilishlar va matbuot erkinligini himoya qilishga» chaqirgan. Uch mamlakat tashqi ishlar vazirlari hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasini «repressiyaning siyosiy yo‘nalishi» va «demokratiyadan yuz o‘girish»da aybladi.
Gurjiston hukumati bilan Yevropa hamkorligi allaqachon qisqartirilgan. Keyingi chora-tadbirlar Yevropa va milliy darajada ko‘rib chiqilmoqda.
Vazirlar 26 oktyabrda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan keyin Gurjistondagi siyosiy inqirozdan «katta xavotir» bildirdilar. «Veymar uchburchagi» Tbilisini bir necha bor «Yevropa integratsiyasiga qaytishga, Yevropa me’yorlari va qadriyatlarini hurmat qilishga va islohotlar o‘tkazishga chaqirgan.
Tbilisida yangi prezident inauguratsiyasidan keyin namoyishlar
Tbilisida 29 dekabr kuni Gurjistonning yangi prezidenti Mixail Kavelashvilining inauguratsiyasi va Salome Zurabishvilining Orbeliani prezidentlik saroyini tark etishga roziligidan so‘ng yangi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.
Tblisi life Telegram-kanaliga ko‘ra, ertalab Zurabishvilining murojaatidan so‘ng, namoyishchilarning bir qismi Orbeliani saroyidan Rustaveli prospektidagi Gurjiston parlamenti binosiga kelgan. Aynan o‘sha yerda Kavelashvilining inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Parlament xavfsizlik kuchlari tomonidan qattiq qo‘riqlandi. Qo‘lga olishlar boshlandi.
Tblisi life yozishicha, ertalabki mitingda namoyishchilardan ko‘ra xavfsizlik kuchlari ko‘proq bo‘lgan. Aksiyadagi videoyozuvlarga ko‘ra, unda bir necha o‘nlab odamlar qatnashgan. Tarqatilish va qo‘lga olishlardan so‘ng, ularning ba’zilari tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan.
Gurjiston televideniyesining Birinchi kanali Ichki ishlar vazirligiga tayanib xabar berishicha, jami olti kishi qo‘lga olingan. «Bugun parlament binosi oldidagi namoyishchilar bilan to‘qnashuv chog‘ida huquq-tartibot idoralari xodimlari bir necha fuqarolarni ma’muriy qo‘lga oldilar, ular bir necha soatdan keyin qo‘yib yuborildi», — deyiladi IIV xabarida.
Mavzuga oid
13:16 / 27.05.2025
Gurjiston Mustaqilligi kunida Tbilisida namoyishlar tinch o‘tdi
10:53 / 24.05.2025
Gurjistonda muxolifat yetakchilaridan biri Japaridze hibsga olindi
10:52 / 13.05.2025
«Veymar+»: Rossiya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishi kerak
16:50 / 25.04.2025