Jahon | 18:10 / 01.01.2025
20541
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi Orleanda avtomobil odamlarni bosib ketdi. 10 kishi halok bo‘lgan

Kamida 30 kishi yaralangan, haydovchi mashinadan tushib atrofdagilarni o‘qqa tutgan, ikki politsiyachi yaralangan.

Foto: Getty Images

AQShning Yangi Orlean shahrida yangi yil kechasi avtomobil shahar markazidagi odamlar ustiga haydaldi, deb xabar beradi CNN.

Voqea fransuz kvartalining asosiy ko‘chasi va shaharning eng mashhur turistik maskanlaridan biri hisoblanuvchi Burbon-Stritda sodir bo‘lgan. Ushbu ko‘chada ko‘plab barlar, restoran va tungi klublar joylashgan — hujum yuz bergan vaqtda ularning barchasi odamlarga to‘la edi.

Shahar favqulodda xizmatlarining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan, yana 30 kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Guvohlarning CBS News’ga ma’lum qilishicha, odamlarni bosib ketgan avtomobil haydovchisi mashinadan tushib atrofdagilarga qarata o‘t ochgan. Politsiyachilar ham unga javoban o‘q uzgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki politsiyachi jarohat olgan, shifokorlar ularning ahvolini barqaror deya baholamoqda.

Fox News’ning ma’lum qilishicha, Federal qidiruv byurosi fojia yuz bergan hudud yaqinidan portlovchi qurilmani topgan. Yangi Orlean politsiyasi xavfsizlik choralarini kuchaytirgan, qo‘shimcha 300 nafar xodim jalb etilgan.

NBC va CNN telekanallari huquq-tartibot organlaridagi manbalariga asoslangan holda hujum qilgan shaxs otishma vaqtida halok bo‘lganini xabar qilgan. Uning motivlari hozircha ma’lum emas, sheriklari bo‘lgan-bo‘lmagani ham.

Luiziana shtati gubernatori Jyeff Lendri sodir bo‘lgan voqeani «dahshatli zo‘ravonlik akti» deb atadi va hujum yuz bergan joy atrofida yashovchilar mazkur hududga yaqinlashmaslikka chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, 20 dekabr kuni Magdeburgdagi rojdestvo bozoriga tashrif buyuruvchilarni mashina urib ketishi oqibatida besh kishi, jumladan bir bola halok bo‘lgandi. Bundan tashqari, Saksoniya-Anhalt bosh vaziri Rayner Hazeloffning so‘zlariga ko‘ra, kamida 200 kishi jarohatlangan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 15 kishi jiddiy jarohat olgan.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid