O‘zbekiston | 11:00 / 06.01.2025
4505
2 daqiqa o‘qiladi

Tuman O‘zbekistondagi uchta aeroport faoliyatini cheklab qo‘ydi

Nukus, Urganch va Farg‘ona aeroportlarini erta tongdan quyuq tuman qopladi. Aeroportlarda noqulay ob-havo sharoiti tufayli havo kemalarini qabul qilish va uchirilishiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi.

Foto: Uzbekistan Airports

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Sankt-Peterburg – Urganch yo‘nalishi bo‘yicha HY-9638 reysi samolyoti soat 06:04 da Buxorodagi muqobil aerodromga qo‘ndi. Toshkent – ​​Urganch/Urganch – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY-51/52 reyslari ham kechiktirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot Toshkentdan Urganchga soat 12:00 ga, qaytish reysi esa soat 14:15 ga ko‘chirildi.

Shuningdek, Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent — Nukus yo‘nalishi bo‘yicha HY-11 reysi ham Nukusdagi tuman sabab mahalliy vaqt bilan soat 11:30 ga qoldirildi.

Farg‘ona aeroportida noqulay ob-havo sharoiti tufayli samolyotlarni qabul qilishga cheklovlar joriy etilgandi. Silk Avia aviakompaniyasining Toshkent — Farg‘ona yo‘nalishidagi US-401 reysi mahalliy vaqt bilan soat 11:20 ga ko‘chirildi. Farg‘ona aeroporti samolyotlarni uchirishga odatdagi rejimda ishlamoqda.

Biroz o‘tib Farg‘ona xalqaro aeroportida samolyotlarni qabul qilishga joriy etilgan cheklovlar olindi. Aeroport odatiy rejimda ishlamoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid