Fan-texnika | 18:29 / 20.01.2025
1711
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada kayfiyatni yaxshilashga yordam beradigan miya implantati yaratildi

Bosh suyagi ostiga o‘rnatiladigan qurilma neyronlar klasterini «yoqadi». Implantat xavfsizligi 30 nafar bemor ustida sinovdan o‘tkaziladi.

Foto: Zuma Press Inc./Alamy

Buyuk Britaniyada bemorlar kayfiyatini yaxshilashga mo‘ljallangan miya implantati yaratildi. Bu haqda milliy sog‘liqni saqlash xizmatiga tayanib, The Guardian xabar berdi.

«Qurilma depressiya, giyohvandlik, obsessiv-kompulsiv buzilishlar va epilepsiyadan aziyat chekadigan bemorlarga yordam berishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bosh suyagi ostiga o‘rnatiladigan qurilma «neyronlar klasterini «yoqish» uchun maqsadli ultratovush impulslarini» uzatadi.

Implantatning xavfsizligi 6,5 million funt sterling turadigan tadqiqot davomida 30 nafar bemorda sinovdan o‘tkaziladi. Sinovlarni Buyuk Britaniya Ilg‘or tadqiqotlar va ixtirolar agentligi moliyalashtiradi.

2024 yil avgustda amerikalik milliarder Ilon Mask Neuralink miya implantlari 10 yildan keyin millionlab insonlarga o‘rnatilishini ma’lum qilgandi. Neuralink bu — inson miyasiga kompyuter yoki smartfon bilan bevosita aloqani ta’minlash uchun o‘rnatiladigan chip.

Avvalroq Neuralink kompaniyasi o‘zining uchinchi bemoriga chipini joylashtirgani ma’lum bo‘lgandi. Ilon Maskka ko‘ra, kompaniya 2025 yilda yana 20-30 ta implant o‘rnatishni rejalashtirmoqda.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid