Jahon | 18:15 / 03.03.2025
4574
2 daqiqa o‘qiladi

CNN: Putin va Trampning uchrashuviga tayyorgarlik tezlashishi mumkin

Moskva AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar yaqin haftalarda davom etishi va hatto tezlashishini kutmoqda.

Foto: AFP

Moskva va Vashington vakillari ishtirokida muzokaralarning birinchi raundi 18 fevral kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgandi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda ikkinchi raundga tayyorgarlik ko‘rilmoqda va u ham Fors ko‘rfazi davlatlaridan birida bo‘lib o‘tadi.

Qayd etilishicha, ikki davlat prezidentlarining uchrashuviga tayyorgarlikni tezlashtirish masalasi ham alohida muhokama qilinmoqda.

Moskva Oq uyda Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy o‘rtasida yuz bergan bahsdan keyin Rossiya—Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar AQSh va Rossiya o‘rtasidagi foydali iqtisodiy bitimlar muhokamasi fonida ikkinchi darajaga o‘tib qolishini kutmoqda.

Donald Tramp 12 fevral kuni Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgan va shundan keyin «birga ishlashga, xususan, bir-birining davlatlariga tashrif buyurishga» kelishib olganini bildirgandi. Bu AQSh va RF prezidentining 2022 yil fevraldan beri ilk muloqoti edi.

Volodimir Zelenskiy 28 fevral kuni Oq uyda Donald Tramp va uning vitse-prezidenti Jyey Di Vens bilan uchrashdi. Muzokaralar ikki mamlakat yetakchilarining tortishuvi bilan yakunlandi. Zelenskiy Trampning so‘roviga ko‘ra, Oq uyni muddatidan oldin tark etdi. Tomonlar Ukrainada nodir metallarni qazib olish bo‘yicha bitimni imzolamadi.

Zelenskiy Tramp bilan tortishuvdan keyin Ukraina Qo‘shma Shtatlardan minnatdor ekani va ularning yordamini yo‘qotishni xohlamasligini ma’lum qildi, ammo Trampdan uzr so‘ramadi. Ertasi kuni u AQShdan Buyuk Britaniyaga uchib borib, Yevropa davlatlari yetakchilari bilan Ukraina masalasiga bag‘ishlangan sammitda ishtirok etdi va Britaniya qiroli bilan uchrashdi.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid