Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘jalanning chaqirig‘i: Turkiyada kurd isyonchilari qurolli kurashni tugatmoqda
U 1990-yillar oxiridan buyon umrbod qamoq jazosini o‘tamoqda va 40 yildan ortiq vaqt davomida kurdlarning mustaqillik uchun kurashi ramzi bo‘lib qolmoqda.
Kurdiston mustaqil davlati tuzilishini qo‘llab-quvvatlovchi Kurdiston Ishchilar partiyasi (KIP) Turkiyaga qarshi qurolli kurashni to‘xtatishini e’lon qildi. Bu haqda Hurriyet nashri xabar bermoqda.
Tashkilot o‘z bayonotida qamoqdagi rahbari Abdulla O‘jalanning chaqiriqlariga rioya qilishini ta’kidlagan. Shu bois 1 martdan qurollar tashlandi. Bayonotda, KIP tegishli kafolatlar mavjud bo‘lgan taqdirda to‘liq qurolsizlanish masalasini muhokama qilishga tayyor ekanini bildirgan.
O‘jalanning chaqirig‘i
40 yildan ortiq vaqt davomida kurdlarning mustaqillik kurashi ramzi bo‘lib kelgan Abdulla O‘jalan turkiyalik kurdlarni qurolsizlanishga chaqirdi.
O‘jalan Turkiya hukumati tomonidan 1999 yilda qo‘lga olingan va Marmar dengizida joylashgan Imrali orolidagi qamoqxonada umrbod jazo muddatini o‘tamoqda. U tashqi dunyo bilan bog‘lanishi mumkin bo‘lgan hollarda, odatda, kurdparast siyosiy kuchlar vakillari vositachi bo‘lib xizmat qiladi. Tenglik va demokratiya xalq partiyasi a’zolari 27 fevral kuni O‘jalan bilan ko‘rishishdi va uzoq yillardan beri ilk marta uning suratini hamda bayonotini olib qaytishdi.
Peoples' Equality and Democracy Party / EPA / Scanpix / LETA
Ushbu bayonotda KIP rahbari o‘z tarafdorlarini qurolni tashlashga, Kurdiston ishchi partiyasidan esa o‘zining partiya safini tark etganini e’lon qilishga chaqirdi.
O‘jalan marksistik g‘oyalarga sodiq ekanini bildirib, qurolli kurashdan voz kechish zaruratini «tarixiy sotsiologiya» asosida tushuntiradi. Unga ko‘ra, kurdlarning manfaatlari ayrim milliy, ma’muriy yoki madaniy ajralish emas, Turkiya siyosiy tizimini demokratiyalashtirish va unga to‘liq integratsiya qilish bilan bog‘liq.
Tarixiy voqea
Bu chaqiriq kurdlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash uchun olib borgan kurashi — Yaqin Sharqdagi eng uzoq davom etgan mojarolardan birini yakunlab berishi mumkin.
Kurdlar – o‘z davlatiga ega bo‘lmagan 30 millionlik xalq. Tarixiy Kurdiston – Turkiya, Suriya, Iroq va Eron chegaralarida joylashgan keng tog‘li hudud bo‘lib, har bir ushbu davlatda yirik kurd jamoalari mavjud. Ular o‘zgacha tilda so‘zlashadi, an’analarini saqlab qolgan va turklar, arablar hamda forslardan keskin farq qiladi.
Rasman tan olingan yagona kurd muxtoriyati Iroqda, lekin Turkiyada 14-15 million kurd yashasa-da, ular uzoq yillar davomida hatto alohida millat sifatida rasman e’tirof etilmagan. Ular «tog‘li turklar» sifatida yozilgan va milliy o‘zlikni ifodalash imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.
Abdulla O‘jalan 1970-yillarda, Anqara universitetida siyosatshunoslik bo‘yicha ta’lim olish chog‘ida, kurd milliy harakatiga qo‘shilgan. U ko‘plab milliy ozodlik harakatlari singari, mustaqillik g‘oyasini sotsializm bilan bog‘lagan va qat’iy marksist-leninist bo‘lgan.
1978 yilda u bir guruh hamfikrlari bilan birga Kurdiston ishchi partiyasi (KIP)ni tuzgan. Partiya g‘oyaviy jihatdan o‘sha davrdagi aksilmustamlaka sotsializm modelini o‘zida aks ettirgan, uning mafkurasi Falastin ozodlik tashkiloti va boshqa qurolli so‘l qanot guruhlarnikiga o‘xshash bo‘lgan. Bu g‘oyalar nafaqat Yaqin Sharq, balki dunyo bo‘ylab turli harakatlar orasida keng tarqalgan edi.
Qurolli kurash va xalqaro ta’sirlar
O‘jalan 1979 yilda Suriyaga ko‘chib o‘tdi va u yerda Kurdiston mustaqilligi uchun qurolli kurash olib boradigan jangarilarni tayyorlay boshlaydi.
U sovet ittifoqi maxsus xizmatlari va SSSR tomonidan qo‘llab-quvvatlagan suriyalik diktator Hofiz Asaddan katta yordam olgan. SSSR o‘shanda NATO a’zosi bo‘lgan Turkiyani zaiflashtirish va mintaqadagi raqibini kuchsizlantirishni maqsad qilgan edi.
1984 yilda Kurdiston ishchi partiyasi Turkiyada kurd qo‘zg‘olonini boshlashini e’lon qildi. Shundan so‘ng sharqiy viloyatlarda jandarmeriya va politsiya uchastkalariga hujumlar uyushtiriladi.
Oldin faqat siyosiy ziddiyat va vaqt-vaqti bilan yuzaga kelgan zo‘ravonlik holatlari rasman qurolli to‘qnashuvga aylandi. Bu past intensivlikdagi urush tusini oldi, garchi ba’zi vaqtlarda siyosiy kelishuv urinishlari ham bo‘lgan.
2000-yillarga kelib, Turkiya hukumati qurolli to‘qnashuvlar qurbonlari soni 40 mingdan oshganini e’lon qiladi. KIP Turkiyada terrorchi tashkilot, deb tan olinadi. Shuningdek, AQSh, Yevropa Ittifoqi va NATO darajasida ham ushbu qaror qo‘llab-quvvatlangan.
Kurd milliy harakatining boshqa yetakchilari
O‘jalan kurd milliy harakatining yagona yetakchisi emasdi. Iroqda Ma’sud Barzaniy boshchiligidagi Kurdiston Demokratik partiyasi (KDP) va Jalol Talaboniy rahbarligidagi Kurdiston vatanparvarlik ittifoqi (KVI) faoliyat yuritar edi.
Ular bir necha bor turli shakllarda birlashishga harakat qilgan, lekin biror amaliy kelishuvga erisha olmagan.
2003 yilda AQSh Saddam Husaynni hokimiyatdan ag‘dargach, Barzaniy Iroq Kurdistoni rahbari bo‘ldi, Talaboniy esa avval Iroqdagi muvaqqat hukumat rahbari, keyin esa Iroq prezidenti lavozimini egalladi.
O‘jalanning hibsga olinishi
Suriyadan chiqarilgandan so‘ng Abdulla O‘jalan xalqaro miqyosda qochqinlik hayotini kechirishga majbur bo‘ldi. Bu voqea Turkiya Suriyaga qurolli hujum bilan tahdid qilganidan so‘ng, 1998 yil oktyabrda yuz bergan.
Shundan keyin O‘jalan dunyo bo‘ylab sarson yurdi. Hatto Rossiya Davlat dumasi deputati Aleksey Mitrofanovning Moskva yaqinidagi dachasida bir necha hafta yashadi.
O‘jalan 1999 yil fevralida Keniyada Turkiya razvedka xizmati (MİT) va AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) hamkorligida hibsga olinib, Turkiyaga topshiriladi.
Turkiyada uni terroristik tashkilotga rahbarlik qilish aybi bilan u o‘lim jazosiga hukm qilishdi. Biroq, keyinroq bu hukm umrbod qamoq jazosiga o‘zgartirildi.
Shundan beri, 76 yoshga kirgan O‘jalan Marmar dengizi orolidagi Imrali qamoqxonasida saqlanib kelmoqda.
O‘jalanning qurol tashlashga chorlovi
O‘jalonning KIPni qurol tashlashga chaqirishi, kutilgan sensatsiya sifatida qabul qilindi. 2024 yil oktyabridan buyon uning Turkiya hukumati bilan muzokaralar olib borgani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.
Shu yili Turkiya milliy harakat partiyasi rahbari Devlet Baxchali parlamentda chiqish qilib, shunday taklif bilan chiqqan edi:
«Terror rahbari [O‘jalan] bir tomonlama terrorchilik faoliyatini tugatishini va o‘z tashkilotini tarqatishini e’lon qilsin. Agar uni izolyatsiyadan chiqarishsa, u parlamentdagi Tenglik va demokratiya xalq partiyasi yig‘ilishida chiqish qilsin. Agar u qat’iy qarorga kelsa, „umid huquqi“ paydo bo‘ladi».
«Umid huquqi» — Turkiya qonunchiligidagi yuridik tushuncha bo‘lib, umrbod qamoq jazosini biror ozodlik ehtimoli bilan cheklashni nazarda tutadi.
O‘jalan 2024 yil fevraliga kelib qamoqda 25 yil o‘tirgan va ushbu «umid huquqi»ga da’vogarlik qilishi mumkin edi.
Baxchali — Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning siyosiy ittifoqchisi. Ko‘rinib turibdiki, O‘jalonni ozod qilish yoki uni uy qamog‘iga o‘tkazish evaziga zo‘ravonlik usulidan voz kechish taklifi aynan davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan. Bu taklif aynan Baxchali tomonidan bildirilgani ham alohida ahamiyatga ega. U o‘ta o‘ng siyosatchi va keskin turk millatchisi bo‘lib, ilgari har qanday kurdparast kuchlarni, jumladan, parlamentdagi Tenglik va demokratiya xalq partiyasini taqiqlashga chaqirgan. Natijada, kurdlarga murosa taklif qilgan shaxs ularning eng ashaddiy raqiblaridan biri bo‘ldi. Erdo‘g‘an esa bu tashabbusni darhol omma oldida qo‘llab-quvvatladi.
Kurd diasporalarining chaqiriqqa munosabati
So‘nggi yigirma yilda KIPning mustaqil ta’siri ancha kamaygan. U kurd milliy harakatining ideologik markazi bo‘lib qolmoqda, O‘jalan esa uning asosiy ma’naviy rahbari va tirik ramzi hisoblanadi. Biroq bu harakat hozirgi kunda Turkiya, Suriya, Iroq va Eronda, shuningdek, Yevropadagi kurd diasporasida ko‘plab turli tashkilotlardan iborat. Ular orasida terroristik guruhlar, harbiy tuzilmalar, siyosiy partiyalar, xayriya fondlari va ma’rifiy to‘garaklar ham mavjud.
KIPning erkinlikdagi rahbarlari asosan Iroq va Eron chegarasidagi tog‘larda yashirinmoqda. Bu guruh «Qandil» deb ataladi — bu Turkiya bir necha yillardan beri KIPni yo‘q qilishga uringan holda bombalayotgan Qandil tog‘ tizmasining nomi.
Hozircha «Qandil»dan O‘jalonning chaqiriqlari bo‘yicha rasmiy munosabat bildirilmadi. Ilgari ular bir necha bor shunday bayonot berganki, Turkiya hukumati bilan muzokaralarni boshlash uchun O‘jalanning ozod etilishi birinchi navbatdagi shart sifatida keltirilgan.
«Qandil» asosan O‘jalanning eski safdoshlaridan tashkil topgan. Harakat asoschisining obro‘si ularni kurashdan voz kechishga majbur qilishiga to‘liq ishonch yo‘q.
Iroqning o‘z kurd avtonomiyasi mavjud. Uning rahbariyati — Barzaniy klanining vakillari — O‘jalanning tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Biroq, KIP tarafdorlari uchun Barzaniy so‘zlari deyarli ahamiyatga ega emas.
Suriyadagi kurdlar taqdiri
Bu jarayondagi yana bir muhim tomon — Rojava, ya’ni Suriyadagi o‘zini o‘zi e’lon qilgan kurd avtonomiyasidir. Uning yetakchi siyosiy kuchi — Demokratik ittifoq partiyasi bo‘lib, aslida u KIPning Suriyadagi bo‘limi hisoblanadi (garchi har ikki tashkilot buni rad etsa ham).
O‘jalon rasman uning rahbari emas, ammo amalda Rojava uchun eng katta ma’naviy yetakchi bo‘lib qolmoqda. Demokratik ittifoq partiyasi hamraisi Solih Muslim suriyalik kurdlar O‘jalonning chaqiriqlariga amal qilishga tayyorligini ma’lum qildi, biroq qo‘shimcha qilib shunday dedi: «Agar bizga siyosiy faoliyat olib borish imkoniyati berilganda edi, qurolga ehtiyoj bo‘lmasdi. Qurol ko‘tarishga sabab qolmasa, biz uni tashlaymiz».
Ushbu bayonotlar muhim kontekstga ega. Fevral oyi o‘rtalarida Suriyaning o‘tish davri hukumati Ahmad ash-Shar’a rahbarligida kurd jamoasi bilan murakkab muzokaralarni yakunladi. Suriya demokratik kuchlari (suriyalik kurdlar militsiyasi koalitsiyasi) mamlakatning yangi qurolli kuchlariga qo‘shilishga rozi bo‘ldi. Hattoki mamlakatning yangi konstitutsiyasini yaratuvchi 7 kishilik kengashga suriyalik kurd akademik ayoli Baxiya Mardiniy a’zo qilindi.
Rojavaning kelajagi hali to‘liq aniqlanmagan, ammo uning vakillari Suriya tarkibida qolish niyatida ekanliklarini tasdiqladi.
Bu kelishuv, jumladan, Suriya demokratik kuchlari tarkibidagi xorijiy jangarilarni, birinchi navbatda, aniqki, turk kurdlarini chiqarib yuborishni ham nazarda tutadi.
Suriyalik kurdlar, avvalgi iroqlik kurdlar kabi, rejim o‘zgarganida mavjud davlatlar tarkibida o‘z taqdirini belgilash imkoniyatini ko‘rishmoqda. Hozir esa O‘jalan turk kurdlarini xuddi shu yo‘lni tanlashga da’vat etmoqda.
Mavzuga oid
11:35 / 28.05.2025
Turkiyada murakkab vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik ayolga yordam berildi
17:01 / 24.05.2025
Turkiyada «Sulton Sulaymon» 1 yil 10 oy shartli qamoq jazosiga hukm qilindi
15:49 / 24.05.2025
O‘zbekiston Shusha deklaratsiyasiga qo‘shilgani haqidagi xabarlar rad etildi
21:12 / 23.05.2025