O‘zbekiston | 22:00 / 08.03.2025
37
4 daqiqa o‘qiladi

Millat qalbidagi nur yoxud o‘zbekning oliyjanobligi nimada?

Xalqimizda “qiz farzand otasiga mehribon bo‘ladi”, degan naql bor. Otasiga mehribon qiz – bu oilaning barakasi, mehr-muhabbat ifodasidir.

Foto: jdpu.uz

Istalgan xonadon borki, unda qizining “Dadajon, charchamadingizmi?”, “Dada, sizga choy damlab beraymi?”, “Dadajon, sizni yaxshi ko‘raman!” kabi yoqimli so‘zlari yangraydi. Bu otaning qalbini iliqlikka to‘ldiradi, charchog‘ini unuttiradi.

Har bir ota farzandlarini birdek yaxshi ko‘rsa-da, qizlari u uchun alohida mavqega ega. Ularning kelajagi uchun qayg‘urib, baxti uchun harakat qiladi. Chunki qiz – oilaning farishtasi. 

Qiz ham otasini qadrlaydi, uning mehnatini tushunadi, doimo duoda bo‘lib, sog‘lig‘ini tilaydi. 

Universitetga o‘qishga kirgan yillarni eslayman: fakultetimizning 1-kursida yuzga yaqin talaba bor edi. Yarmidan ortig‘i qizlar. Tumanimizdan o‘g‘il bolalar ikki kishi o‘qishga kirgan bo‘lsak, qizlardan besh nafari tahsil olardi. 
O‘shanda o‘ylab qarasam, oilalarda qizlarning ta’limiga o‘g‘il bolalarnikidan-da, ko‘proq e’tibor berilar ekan. “Qiz o‘qigani yaxshi, borgan joyida qiynalmaydi”, deyishardi qishloqning soddadil ota-onalari. 

Oddiy oiladan aka va singil bir vaqtda o‘qishga kirgani esimda. U vaqtda oliygohlar soni sanoqli, o‘qishga kirish mashaqqat – tanlov yuqori, kirish ballari baland. Aka ham, singil ham kontraktga tushib qoldi. Ikki talabani o‘qitishga oilaning iqtisodi ko‘tarmaydi. Aka: “singlim o‘qisin” deb o‘z o‘qishidan voz kechdi, singlisini oliy ma’lumotli qildi. 

O‘zbegim — shunday oliyjanob.

Oilalarimizdagi otaning qiziga, ayoliga, akaning singlisi, opasi va onasiga muhabbati raqamlarda ham aks etadi: 

oliygohlarda ta’lim olayotgan milliondan ortiq talabalarning yarmidan ko‘pini qizlar tashkil etadi. Magistraturada o‘qiyotganlar orasida qizlarimizning ulushi undan ham ko‘p – 60 foiz.

Qiz va ayollarimizga e’tibor davlat siyosatidaham o‘z aksini topgan. Hozirda ehtiyojmand oilalarga mansub minglab xotin-qizlaroliygohlarga qo‘shimcha davlat granti bo‘yicha o‘qishga qabul qilinmoqda. Yuz minglab qizlarimiz uchun imtiyozli ta’lim kreditlari ajratilgan. Davlat oliygohlarining magistratura bo‘limida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt pullari budjetdan to‘lanmoqda.

Qizlarimiz, opa-singillarimiz, ayollarimizning intellektual salohiyati nihoyatda baland, bugun ular har qanday sohada yuksak marralarni zabt etmoqda. Ular — shifokor, o‘qituvchi, muhandis, tadbirkor, san’atkor, deputat... Qaysi kasb, qaysi sohada mehnat qilishmasin, davlat va jamiyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shishmoqda.

Hayotda har bir inson sinovlarga duch keladi. O‘zbek ayoli esa sinovlar oldida sinmaydi, ularni sabr bilan yengib o‘ta oladi. Avloddan-avlodga o‘tgan qadriyatlarimizni asrab-avaylashadi, oilasi va farzandlari uchun ham butun borlig‘ini bag‘ishlashadi. Ularning mehri va matonati tufayli oilalar – mustahkam, farzandlar –tarbiyali, jamiyat – farovon.

O‘zbek ayoli nafaqat go‘zallik va latofat, balki izzat-ikrom timsoli hamdir. Millatimiz esa o‘z qizlari va ayollariga shunday mehribon xalqdir.

Jurnalist.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid