Amaldorlar “mahalliy” xizmat avtomobillariga o‘tkazilmoqda
Prezident topshirig‘idan keyin, bosh vazir Abdulla Aripov Mercedes-Benz rusumli xizmat avtomobilidan Chevrolet Malibu'ga o‘tgan. Viloyatlar hokimlari ham UzAuto Motors'dan xarid qilingan modellarga o‘tmoqda. Mulozimlar xizmatida bo‘lgan, endilikda foydalanilmayotgan “inomarka”lar auksion orqali sotib yuboriladi.

Foto: Chevrolet
O‘zbekistonda davlat mulozimlari prezident topshirig‘i doirasida xizmat avtomobili sifatida mahalliy korxonalar tomonidan sotiladigan avtomobillardan foydalanishga o‘tmoqda.
Xususan, bosh vazir Abdulla Aripov Mercedes-Benz o‘rniga Chevrolet Malibu'dan foydalana boshlagan. Buni Kun.uz'ga hukumat rahbarining matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov tasdiqladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Aripov 7 mart kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatish topshirig‘ini bergan. Amaldorlarning bu qoidani bir necha haftadan keyin joriy qilish haqidagi taklifini bosh vazir rad etgani aytilmoqda.
“Prezidentimiz bergan barcha topshiriqlarni so‘zsiz bajarishimiz shart, muhokamaga o‘rin yo‘q. Menga buni 20 martdan yoki 1 apreldan joriy qilaylik, deb taklif berishyapti. Yo‘q, unaqasi ketmaydi. Prezidentimiz topshiriq berdimi, zudlik bilan bajarishimiz shart. Bu hukumatning asosiy vazifasi”, – deya Aripovning selektordagi so‘zlarini keltirmoqda uning matbuot xizmati.
Bekzod Hidoyatovga ko‘ra, bugungi kunda hukumat tarkibidagi barcha vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xizmat avtomobili sifatida mahalliy avtotransportlardan foydalanishga o‘tgan.

Hukumat amaldorlari shu kungacha foydalanib kelgan joriy avtotransport vositalari (“inomarka”lar) esa bosqichma-bosqich E-auksion – elektron savdo platformasi orqali sotuvga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosarlari ham Malibu'dan foydalanmoqda. Viloyatlar hokimlariga esa Tahoe va Traverse kabi avtomobillar xizmat ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 5 mart kungi selektorda davlat idoralarida xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, milliy avtomobil va milliy mebelga o‘tish zarurligini aytgandi.
Mavzuga oid

12:21 / 05.03.2025
Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilish vaqti keldi - prezident

11:45 / 20.02.2025
Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi belgilandi

21:41 / 19.02.2025
Korrupsiyaga qarshi kurash: iqtisodiy yondashuv

12:00 / 08.02.2025