Firibgarlar o‘g‘irlagan pullarni qaytarib bo‘lmaydimi?
2024 yilda birgina Toshkent shahrida firibgarlar masofadan turib odamlarni 381 mlrd so‘m (qariyb 30 mln dollar)ga “uxlatib ketdi”. Poytaxt IIBBning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu pullardan atigi 4 foizi (14,2 mlrd so‘mi) qaytarilgan, qolgani chet elga chiqib ketgan. IIBB vakili firibgarlar odamlarni qanday qilib chuv tushirayotganini so‘zlab berdi, Kun.uz muxbiri esa chet elga olib chiqib ketilgan pullarni qaytarish imkoni bor-yo‘qligini so‘radi.
O‘zbekistonda kiberfiribgarlik tobora kengayib bormoqda. Uning shunday turlari borki, yo‘qotilgan mol-mulkingiz yoki mablag‘ingizni qaytarib ololmaysiz, bunda tegishli tashkilotlar ham yordam berolmaydi.
2024 yilda kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolarga 381 mlrd so‘m (qariyb 30 mln dollar) moddiy zarar yetdi. Bu – respublika miqyosidagi ko‘rsatkich emas, birgina Toshkent shahri misolida aytdik. Hammasi undirib berilgandir deb o‘ylayotgandirsiz, unday emas: ushbu mablag‘ning atigi 4 foizi – 14,2 mlrd so‘mi fuqarolarga qaytarilgan xolos. Qolgani esa chet elga chiqib ketgan.
Keling, asosan qanday firibgarlik usullari bilan pullar xorijga chiqib ketayotganini ko‘rib chiqsak. Ko‘pincha, yoz oylarida odamlar hordiq chiqargani dachalarni ijaraga olishadi. Bunda ular e’lonlar saytiga yoki Telegram'dagi kanal-guruhlarga kirib, dacha izlashadi va to‘lovning bir qismini to‘lab, joy band qiladi. Lekin shu holatda ayrimlar firibgarlar to‘riga tushib qolyapti.
Bu haqda Kun.uz'ga Toshkent shahar IIBB axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Sa’dullayev so‘zlab berdi.
“O‘tgan yilning qish mavsumida Telegram ijtimoiy tarmog‘ida firibgarlar “dacha ijaraga beramiz” deb kanal ochgan va internetdagi boshqa dachalarning rasmini olib, e’lonlar joylashtirgan. Yurtdoshlarimiz ularga murojaat qilgan va yozishmalar faqat Telegram'da amalga oshirilgan. O‘sha dachani kuniga 8 mln so‘m narxga kelishib, 3 kunga gaplashishgan va karta raqamga 8 mln o‘tkazishgan. Shundan keyin firibgar akkauntini o‘chirib, g‘oyib bo‘lgan.
Bizga murojaat qilishdi. Tezkor xodimlarimiz ish olib borishdi. Ma’lum bo‘lishicha, kartalar soxta bo‘lgan, elektron hamyonlar orqali ochilgan. Firibgarlarni aniqlashning imkoni bo‘lmadi, agarda O‘zbekiston hududida amalga oshirilsa, fosh etilgan bo‘lardi”, – deydi Sa’dullayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatning issiq izidan borilganda, ko‘plab firibgarlik holatlari chet eldan turib amalga oshirilayotgani ma’lum bo‘lyapti. O‘zlashtirilgan pul mablag‘lari ham elektron hamyonlar orqali xorijga chiqib ketmoqda. Firibgarliklarning asosiy qismi Rossiya, Ukraina va boshqa Yevropa davlatlaridan turib amalga oshirilyapti.
2024 yilda O‘zbekistonda yana bir yangi kiberjinoyat avj oldi. Bunda firibgar qo‘ng‘iroq qilib, rus tilida o‘zini ichki ishlar yoki prokuratura xodimi deb tanishtiradi va fuqaroga tegishli mol-mulklar yoki bank kartalariga kiberhujum bo‘layotganini, ularni zudlik bilan huquqni muhofaza qilish organlarning rasmiy hisobraqamlariga qo‘yishini, vaziyat bartaraf etilgandan so‘ng, hammasi o‘z holiga qaytarilishini aytib, odamlarni chuv tushiradi. Bu ham yetmaganday, ushbu jarayonda ba’zan o‘zganing nomiga kredit ham rasmiylashtiriladi.
“Buning mexanizmini qarang: O‘zbekistondagi abonent raqamlaridan qo‘ng‘iroq bo‘ladi, o‘zini ichki ishlar, DXX, prokuratura xodimi deb tanishtiradi. Yurtdoshlarimiz muloqotga kirishgandan keyin firibgarlar mol-mulkingiz, plastik kartangizdagi pullar uchunchi shaxslarga o‘tib ketayotganini aytadi. “Ichki ishlar organlari ularni muhofaza qilib qolishi kerak, buning uchun hisobraqamlarimizga mol-mulkingizni vaqtincha qo‘yib turing. Biz firibgarni ushlaganimizdan keyin, ularni qaytarib olasiz” deb ishontirib, mol-mulklar, uy-joylarni nomiga olish holatlari uchradi”, – deydi Jahongir Sa’dullayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday firibgarlik holatlari, dastlab o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, plastik kartadan pul yechishdan boshlandi. Organ xodimi niqobidagi esa firibgarlikning ikkinchi bosqichi sanalib, hozir juda avj olgan.
“Mana, ushbu turdagi jinoyat kecha ham qayd etildi. 130 millionga yaqin zarar yetkazilgan fuqaroga. Aynan o‘zini tergovchi deb tanishtirgan. Nomiga kredit olgan. Fuqarodan shu haqidagi firibgarlikni bilarmidingiz deb so‘radik, “ha, bilardim” dedi. “Nega bilib turib bunday qildingiz?” desak, jabrlanuvchi “rulda edim, shoshib qoldim. So‘ragan narsalarini taqdim qildim” deb javob qaytardi”, – deydi Toshkent shahar IIBB vakili.
Jahongir Sa’dullayevning aytishicha, o‘zini bank yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodim deb tanishtirish bilan bog‘liq firibgarlik usuli jami kiberjinoyatlarning 3,2 foizini tashkil qiladi. Ya’ni 300 dan ortiq holatda fuqarolar jabrlangan. Afsuski, hozircha bunday firbgarlarning birontasi ham fosh etilmagan.
Kun.uz muxbiri suhbat davomida muammoga yechim so‘radi. Sa’dullayev bunday turdagi jinoyatlarni fosh etish vaqt talab qilishi, dunyo tajribasi o‘rganilayotganini aytdi. Shuningdek, IIBB tarkibida axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi tashkil etilganini ham masalaga yechim sifatida ko‘rsatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda ushbu boshqarmani viloyatlarda ham tashkil etish ko‘zda tutilgan. Qolaversa, tizimda Janubiy Koreya, Xitoy, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilyapti.
“Men aniq ayta olaman, yana 2 yil ichida chetdan kelayotgan va tizimlarga bo‘layotgan tahdidlarni to‘liq bartaraf etish imkoniga ega bo‘lamiz”, – deydi Sa’dullayev.
Taqqoslash uchun, Toshkent shahrida 2019 yilda atiga 113 ta kiberjinoyat qayd etilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2024 yilda 17 468 ta bo‘lgan. Bu – oxirgi 6 yil ichida 154 barobarga o‘sish degani.
Baribir, masalaning asosiy yechimi kibersavodxonlikka borib taqalaveradi.
Shahzod O‘roqboyev tayyorladi.