Jahon | 21:08 / 11.03.2025
5069
3 daqiqa o‘qiladi

Muammo Yevropaning ichkarisida: ittifoq o‘z iqtisodiyotiga o‘zi to‘siqlar qo‘yib olgan

Dunyo e’tibori asosan AQShning proteksionistik siyosatiga qaratilgan bir paytda, Yevropa o‘ziga o‘zi cheklovlar joriy etmoqda. Ittifoq hududida yaqinda joriy etilgan savdo siyosati va tartibga solish choralari iqtisodiy o‘sishning to‘xtashiga, kompaniyalarning xalqaro bozorda raqobatsiz holatga kelib qolishiga sabab bo‘lmoqda, deb yozadi Financial Times.

Foto: Dreamstime

Nazariy jihatdan, Yevropa Ittifoqining asosida erkin savdo yotadi: a’zo davlatlar o‘rtasida hech qanday iqtisodiy to‘siqlar bo‘lmasligi kerak. Biroq, ittifoq tomonidan joriy etilgan ekologik standartlar, sanoat normalari va mehnat qonunchiligidagi o‘ta qat’iy qoidalar ishlab chiqarish xarajatlarini oshirib, investitsiyalarni sekinlashtirmoqda.

Bu choralar barqaror rivojlanish va adolatli mehnat bozorini shakllantirish maqsadida qabul qilingan bo‘lsa-da, ular Yevropada biznes yuritishni qiyinlashtirib, global raqobatda kompaniyalar oyog‘iga tushov bo‘lyapti. Natijada mintaqaning investitsion jozibadorligiga putur yetyapti.

Eng katta muammolardan biri – Uglerod chegaralarini korrektirovka qilish mexanizmi (CBAM) bo‘lib, bunda import tariflari mahsulotlarning atmosferaga chiqargan zararli gazlari miqdoriga bog‘liq bo‘ladi. Bunday tartib Yevropa bozorida ekologik standartlarni kuchaytirish maqsadida joriy qilingan bo‘lsa-da, juda murakkab byurokratik jarayonlar va katta xarajatlarni keltirib chiqarmoqda. Natijada, Yevropada ishlab chiqarish qimmatlashyapti, bu esa Yevropa kompaniyalarini kamroq tartibga solinadigan bozorlardagi raqobatchilari oldida qiyinroq vaziyatda qoldirmoqda.

Bundan tashqari, Yevropaning sanoat siyosatini o‘zgartirayotgani ham ayrim muammolarni keltirib chiqaryapti. Yevropa xorijiy texnologiyalarga va strategik xomashyolarga bog‘liqlikni kamaytirish uchun ishlab chiqarishni o‘z hududiga qaytaryapti, lekin bu siyosat bir qator sektorlarda, xususan, yarim o‘tkazgichlar va qayta tiklanuvchi energiya sohasida ta’minot zanjirlarining buzilishiga olib kelmoqda. Sanoat mustaqilligini oshirish o‘rniga, bu choralar ishlab chiqarish xarajatlarining ko‘payishiga va innovatsiyalar sekinlashishiga sabab bo‘lmoqda.

Iqtisodiy cheklovlar faqat tashqi bozorlarga tegishli emas. Yevropa Ittifoqi yagona bozorni tashkil etsa-da, a’zo davlatlardagi ichki qoidalar hamon bir xil emas. Davlatlar haligacha ittifoq miqyosida mavjud qoidalarga o‘zlari tomonidan qo‘shimcha qoidalarni joriy qilishda davom etyapti, bu esa butkul to‘siqsiz iqtisodiy muhit yaratishga to‘sqinlik qilyapti. Soliq rejimlari, mehnat qonunlari va turli regulyator talablar bir xil emasligi shunday xilma-xilliklar jumlasidan.

Yevropa o‘z-o‘ziga joriy qilgan bu cheklovlar mintaqaning kelajakdagi iqtisodiy o‘sishiga xavf solmoqda. Hozir Yevropa Ittifoqi hali ham dunyodagi eng yirik iqtisodiyotlardan biri hisoblanadi, ammo o‘zi olib borayotgan yangi iqtisodiy siyosat bilan raqobatbardoshligini yo‘qotish xavfi bor.

Tahlilchilar Yevropa hukumatlariga tartiblarni soddalashtirish, sarmoyaviy muhitni yaxshilash va barqaror rivojlanish bilan iqtisodiy o‘sish o‘rtasida muvozanat saqlashni tavsiya qilmoqda.

Mavzuga oid