Jahon | 11:58 / 11.03.2025
2278
2 daqiqa o‘qiladi

Tesla aksiyalari qiymati bir kunda 15 foizga tushib ketdi

Tesla kotirovkalari kompaniya rahbari Ilon Mask qo‘llab-quvvatlagan Donald Tramp AQSh prezidentligi saylovlarida g‘alaba qozonganidan keyin ko‘tarila boshladi. 2024 yil dekabr oyida aksiyalar narxi 480 dollarga yetdi va eng yuqori o‘sishni ko‘rsatdi.

Foto: Shutterstock

10 mart, dushanba kuni Ilon Maskning Tesla kompaniyasi aksiyalari 15 foizdan ko‘proqqa tushib ketdi, bu Donald Trampning 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tgan AQSh prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan beri erishilgan barcha o‘sish ko‘rsatkichlarini yo‘qqa chiqardi, deb xabar beradi dpa.

Tesla aksiyalari narxi dekabr oyi o‘rtalarida eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi, o‘shanda kompaniya aksiyalari 480 dollarga baholangan edi – bu Ilon Mask faol ishtirok etgan Trampning saylovoldi kampaniyasi davridagidan ikki baravar yuqori. Hozirda har bir aksiya uchun 222 dollar atrofidagi kursda Tesla'ning umumiy qiymati 1,5 trillion dollardan 715 milliard dollarga tushib ketdi. Taqqoslash uchun, Amerika avtomobil giganti Ford'ning bozor qiymati 40 milliard dollar atrofida, General Motors esa - 48 milliard atrofida, deya xabar beradi dpa.

Maskning shaxsiy boyligi Tesla aksiyalari narxiga bog‘liq

Agentlikning qayd etishicha, Tesla aksiyalari narxining keskin tushishi Ilon Maskning o‘ziga ham muammo tug‘dirishi mumkin. Chunki milliarder o‘z kompaniyasining aksiyalaridan garov sifatida foydalanib, kredit olishi bilan tanilgan, u qog‘ozda dunyodagi eng boy odam sanaladi. Biroq, agar aksiya bahosi ma’lum darajadan pastga tushsa, kreditorlar qo‘shimcha garov talab qilishi mumkin. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Maskning boyligi 300 milliard dollardan oshadi.

Mavzuga oid