Jahon | 14:23
2833
3 daqiqa o‘qiladi

SOHR: Minglab alaviylar zo‘ravonliklar tufayli Xmeymim bazasiga qochib kirdi

Xmeymim aviabazasiga kelgan ba’zi Suriya fuqarolari: «Rossiya, Rossiya!» deya hayqirgan va o‘zlariga xalqaro himoya berilishini talab qilgan.

Xmeymim bazasi Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Suriya g‘arbidagi zo‘ravonliklar to‘lqini fonida minglab tinch alaviylar Rossiyaning Xmeymimdagi aviabazasidan boshpana topdi. Bu haqda 12 mart, chorshanba kuni qarorgohi Buyuk Britaniyada joylashgan Suriya inson huquqlari kengashi (SOHR)ga tayanib, AFP agentligi xabar berdi.

«Minglab alaviylar Jable shahri va uning atrofidagi qishloqlardagi qirg‘indan qochib, Xmeymim harbiy bazasi va uning atrofidan boshpana topdi», — deya kuzatuvchilar so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik. SOHR ma’lumotlariga ko‘ra, 6 martdan beri Suriyaning yangi hukumati Latakiya, Tartus, Xama va Homs viloyatlarida Suriyaning hokimiyatdan ag‘darilgan prezidenti Bashar Asad tarafdorlari deb hisoblaganlarga qarshi yirik qarshi operatsiya boshlaganidan to 12 martga qadar 1383 nafar tinch aholi, asosan alaviylar halok bo‘lgan.

AFP agentligining SOHR'ga tayanib xabar berishicha, 7 martdan boshlab zo‘ravonliklardan qochgan odamlar Rossiyaning Xmeymimdagi aviabazasidan boshpana izlay boshlagan. Ba’zi qochqinlar tog‘larda panoh topishga harakat qilishgan.

11 mart kuni The New York Times sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarni o‘rganib chiqib, tinch aholi Rossiyaning Xmeymimdagi aviabazasi va Latakiya xalqaro aeroporti hududida qolayotganini tasdiqladi.

12 mart kuni AFP agentligining xabar berishicha, Jable shahri meri Amjad Sulton Rossiya harbiy bazasiga tashrif buyurib, u yerda qolayotgan odamlarni o‘z uylariga qaytishga ko‘ndirgan. Sultonning so‘zlariga ko‘ra, Suriya xavfsizlik kuchlari shahar ustidan nazorat o‘rnatishga kirishgan.

AFP muxbiri xabar berishicha, Xmeymim aviabazasiga kelganlarning ba’zilari: «Rossiya, Rossiya!» deya hayqirgan va o‘zlariga xalqaro himoya berilishini talab qilgan.

Suriya g‘arbida Asad tarafdorlariga qarshi kurash

Avvalroq Suriya g‘arbiy qismida, asosan alaviylar istiqomat qiladigan qirg‘oq mintaqasida, Suriya diktatori Asad mansub bo‘lgan jamoatlarda janglar va ommaviy sudsiz qotilliklar yuz berayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi.

Huquq faollariga ko‘ra, Suriyaning qirg‘oq bo‘yidagi Latakiya va Tartus viloyatlari shaharlari, qishloqlari va tog‘larida «xavfsizlikni tiklash» bo‘yicha to‘rt kun davomida «Asad jangarilari va ularni qo‘llab-quvvatlayotganlarga qarshi» operatsiya davomida 1500 ga yaqin odam halok bo‘lgan, ularning aksariyati tinch aholidir.

Suriya prezidenti vazifasini bajaruvchi Ahmad al-Shar’a operatsiya yakunlanishini izohlar ekan, Asad tarafdorlari guruhlarini harbiy harakatlar tashabbuskorlari deb atagan va tinch aholiga qarshi repressiyalarda aybdorlarni jazolashga va’da bergan.

Mavzuga oid