Jahon | 14:34 / 15.03.2025
4752
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy, Rossiya va Eron barcha noqonuniy sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi

Pekinda Eron yadro dasturi masalalari muhokama qilingan muzokaralar yakunida Xitoy, Rossiya va Eron vakillari Tehronga qarshi barcha «noqonuniy bir tomonlama sanksiyalar»ni to‘xtatishga chaqirishdi.

Foto: AP

Xitoy, Rossiya va Eron birgalikda AQSh va boshqa davlatlarni Tehronga qarshi yadroviy dasturi tufayli joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi. Bu haqda 14 mart, juma kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuv yakunlari bo‘yicha tegishli bayonot berildi. Muzokaralarda Xitoy tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ma Chjaoxu, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov va Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem G‘arib-Abadiy ishtirok etdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi saytida chop etilgan qo‘shma bayonotda Xitoy, Rossiya va Eron Eron yadro dasturi bo‘yicha «chuqur muhokamalar» o‘tkazgani va barcha «noqonuniy bir tomonlama sanksiyalar»ni to‘xtatish zarurligini ta’kidlagan. Uch mamlakat siyosiy va diplomatik aloqalar, shuningdek, manfaatlarga o‘zaro hurmatga asoslangan muloqot vaziyatni hal qilishning «yagona hayotiy va samarali varianti» bo‘lib qolayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, 2015 yilda kelishilgan Eron yadroviy bitimini ratifikatsiya qilgan BMT Xavfsizlik Kengashining 2231-rezolyutsiyasini amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar. Ular Eron yadroviy muammosi atrofida vaziyatning keskinlashuviga olib keladigan har qanday harakatlardan tiyilishga va diplomatik sa’y-harakatlar uchun «qulay muhit va shart-sharoit» yaratishga chaqirdi.

Bundan tashqari, uch davlat Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga rioya qilish muhimligini qayd etdi. Xitoy va Rossiya «Eronning yadroviy dasturi sof tinch maqsadlarga qaratilganligi va yadroviy qurol ishlab chiqarishni maqsad qilgani yo‘qligini tasdiqlashini olqishladi», deyiladi bayonotda. Yig‘ilish ishtirokchilari, shuningdek, barcha mamlakatlarni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslikka chaqirdi.

Mavzuga oid