Jahon | 16:39 / 17.03.2025
2037
3 daqiqa o‘qiladi

Parijdagi «tutqunlik»dan so‘ng Pavel Durov Dubayga qaytdi

2024 yil avgust oyida Parij aeroportida qo‘lga olingan Telegram asoschisi qariyb 8 oylik «tutqunlik»dan so‘ng Fransiyani tark etib, Dubayga qaytdi. Durov Telegram «o‘zining qonuniy majburiyatlarini oshirib bajargani»ni aytib, qo‘llov uchun barchaga minnatdorchilik bildirgan.

Foto: AP

«Eshitgan bo‘lsangiz kerak, Telegramʼdagi jinoyatchilar faoliyati bilan bog‘liq tekshiruvlar tufayli Fransiyada bir necha oy bo‘lganimdan so‘ng Dubayga qaytdim. Jarayon davom etmoqda, lekin uyda bo‘lish juda ajoyib», deb yozgan Durov o‘zining kanalida. U jinoyatchilikka qarshi kurash haqida gap ketganda, yillar davomida Telegram «o‘zining qonuniy majburiyatlarini bajaribgina qolmay, balki oshirib ham bajargani»ni bildirgan.

Shuningdek, Pavel buning uchun tergov sudyalari, o‘z advokatlar va jamoasiga hamda dunyo bo‘ylab uni qo‘llab-quvvatlagan millionlab odamlarga minnatdorchilik bildirgan.

«Men butun dunyo bo‘ylab ushbu kutilmagan sayohat davomida qo‘llab-quvvatlagan millionlab odamlarga chuqur minnatdorchilik bildiraman — bu juda ko‘p narsani anglatadi. Bizning milliardlik hamjamiyatimiz yengib o‘ta olmaydigan to‘siqning o‘zi yo‘q», — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Pavel Durov 2024 yil 24 avgust kuni kechqurun Parij aeroportida qo‘lga olingan edi. Ikki kundan keyin Parij prokuraturasi Durov noma’lum shaxslarga qarshi jinoiy tergov doirasida 12 ta jinoyat, jumladan vakolatli organlar so‘roviga ko‘ra ma’lumot berishni rad etish, shuningdek, pornografiya, giyohvand moddalar va xakerlik dasturlarini tarqatishda ishtirok etish bo‘yicha qo‘lga olinganini e’lon qildi.

Durovga yaqin manbaning so‘zlariga ko‘ra, Telegram ko‘p yillar davomida platformada noqonuniy kontent tarqalishi oldini olish uchun rasmiylar bilan hamkorlikni talab qiluvchi huquq-tartibot idoralarining chaqiruvi va sud qarorlariga e’tibor bermagan.

Keyinroq Durov sud nazorati ostida ozod etildi, lekin u Fransiyani tark etmasligi kerak edi. Shuningdek, unga 5 million yevro garov puli qo‘yishi va haftasiga ikki marta politsiyaga kelib turishi majburiyati yuklangan edi.

Fevral oyi boshida Fransiya prokuraturasi Durovning ishi kamida bir yil davomida sudga yetkazilmasligini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid