Jahon | 16:23 / 17.03.2025
856
2 daqiqa o‘qiladi

Parvarishga muhtoj bo‘lganlarga qarab turish xizmati ishga tushirildi

Bunda tadbirkorlik sub’yekti haftada 5 ish kuni davomida kuniga kamida 8 soat davomiylikda fuqaroga xizmat ko‘rsatadi.

Foto: Getty images

O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, ushbu xizmat «Kambag‘al oilalar reyestri» va «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilaning o‘zgalar parvarishiga muhtojlik darajasi Bartel va Lauton shkalalari bo‘yicha 0 balldan 62 ballgacha bo‘lgan a’zolari uchun taklif etiladi.

Xizmat ko‘rsatuvchi, ya’ni autsorsing shartlari asosida xizmat ko‘rsatishga jalb etilgan tadbirkorlik sub’yekti haftada 5 ish kuni davomida kuniga kamida 8 soat davomiylikda xizmat ko‘rsatadi.

Xizmatni ko‘rsatish davomida:

- shaxsga qarab turish (yiqilish va jarohatlanishning oldini olish);

- shaxsni parvarishlash (ovqatlantirish, gigiyenik tadbirlarni amalga oshirish);

- shaxs bilan muloqot qilish;

- shaxsni o‘z-o‘ziga xizmat qilishga o‘rgatish kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, xizmatdan foydalanuvchi bilan kelishuvga muvofiq boshqa xizmatlar ham ko‘rsatilishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, ushbu xizmat turining yo‘lga qo‘yilishi o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning yaqinlariga ishlash va daromad topib, oilani farovonlikka olib chiqish imkonini beradi.

Bu xizmat turidan foydalanish istagida bo‘lgan fuqarolar «Inson» markaziga yoki mahalladagi ijtimoiy xodimga murojaat qilishi mumkin.

Mavzuga oid