O‘zbekiston | 10:56
2066
2 daqiqa o‘qiladi

QQS summasi o‘rnini qoplash tartibiga o‘zgartirish kiritildi

Vazirlar Mahkamasining «Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritish haqida»gi qarori qabul qilindi.

O‘zgartirishga ko‘ra, bojxona organlari tomonidan elektron tizim orqali tovarlar bojxona chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlar tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlash uchun asos bo‘ladi.

Eksport operatsiyalari bo‘yicha soliq summasi o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi arizaga quyidagi hujjat va ma’lumotlar ilova qilinadi:

  • tovarlar eksport qilinganligi hamda chet el hamkorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • tovarlar eksportga vositachi (ishonchli vakil) orqali vositachilik (topshiriq) shartnomasi bo‘yicha realizatsiya qilinganda, eksportni tasdiqlash uchun komitent (ishonch bildiruvchi) tomonidan qo‘shimcha tarzda soliq to‘lovchining vositachi yoki ishonchli vakil bilan tuzilgan vositachilik shartnomasi yoki topshiriq shartnomasi (shartnomaning ko‘chirma nusxasi);
  • yo‘lovchilar, bagajlar, yuklar va pochtani xalqaro yo‘nalishda tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilganda yo‘lovchilar, bagajlar, yuklar va pochtani xalqaro yo‘nalishda tashish bo‘yicha yagona xalqaro tashish hujjatlari reyestri.

Eksport operatsiyalari bo‘yicha ma’lumotlar Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi hamda soliq va bojxona organlari o‘rtasida axborot almashinuvi tizimida mavjud bo‘lmaganda arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi talab etiladi:

  • kontrakt (kontraktning belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma nusxasi);
  • tovarlarni O‘zbekiston bojxona hududidan olib chiqish uchun asos bo‘lgan bojxona yuk deklaratsiyasi;
  • O‘zbekiston bojxona hududidan o‘tkazish punktida joylashgan bojxona organining tovarlar ortilgan transport vositalari bojxona chegarasini kesib o‘tganligini tasdiqlovchi belgisi qo‘yilgan tovarning kuzatuv hujjatlari;
  • valuta tushganligini tasdiqlovchi bank ma’lumotnomasi;
  • tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlash uchun amalga oshirilayotgan faoliyatning turiga qarab boshqa hujjatlar.

Mavzuga oid