O‘zbekiston | 20:26 / 28.03.2025
2796
2 daqiqa o‘qiladi

Gulistondan Chinorkentga shaharlararo tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Elektropoyezd harakatlanish jadvaliga asosan haftasiga olti kun qatnaydi. Chinorkentgacha kattalar uchun yo‘l haqi 40 ming so‘m.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Sirdaryo viloyatining Guliston shahridan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Chinorkent» bekatigacha tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 6 ta vagondan iborat bo‘lgan mazkur elektropoyezdning umumiy sig‘imi 586 yo‘lovchiga mo‘ljallangan.

Ushbu elektropoyezd Gulistondan Chinorkentgacha bo‘lgan masofani 3 soat 30 daqiqada bosib o‘tadi.

Chipta narxi Gulistondan Toshkentgacha 20 ming so‘m bo‘lsa, Chinorkentgacha kattalar uchun yo‘l haqi 40 ming so‘m, bolalar uchun esa 23 ming so‘m. To‘lovni ATTO transport kartasi yordamida to‘lash yoki chiptalarni temiryo‘l chiptaxonalaridan ham xarid qilish mumkin.

Elektropoyezd harakatlanish jadvaliga asosan haftasida olti kun qatnaydi. Gulistondan tonggi soat 06:11 da yo‘lga chiqsa, Chinorkentdan Gulistonga qarab 15:43 da jo‘nab, 19:00 da Gulistonga yetib keladi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Toshkent–Xo‘jakent elektropoyezdi qatnovi «Chinorkent» bekatigacha uzaytirilgan edi.

Mavzuga oid