Jahon | 08:30 / 07.04.2025
1635
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya va Fransiya «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» mudofaa vazirlarini yig‘moqda

Ukrainada barqaror va uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashni maqsad qilgan «Ko‘ngillilar koalitsiyasi»ning navbatdagi uchrashuvi 10 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilish Belgiya poytaxti Bryusselda, «Ramshtayn» formatidagi uchrashuvdan bir kun oldin tashkil etiladi.

Foto: euronews.com

Buyuk Britaniya hukumati saytida xabar qilingan ma’lumot Britaniya va Fransiya shtab boshliqlarining Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvidan so‘ng e’lon qilingan.

«Buyuk Britaniya va Fransiya koalitsiyaga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarini yig‘adi. Maqsad — Rossiyaning yana bir bor tajovuz qilishining oldini olish uchun xavfsizlik choralarini qo‘llab-quvvatlash rejalaridagi keyingi bosqichlarni muhokama qilish», — deyiladi bayonotda.

Ma’lumotga ko‘ra, uchrashuv 10 aprel, payshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Londonda ta’kidlanishicha, «Ko‘ngillilar koalitsiyasi»ga 30 ta davlat qo‘shiladi.

«Buyuk Britaniya Ukrainani qat’iy qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi va adolatli hamda mustahkam tinchlik tarafdori bo‘lib qoladi. Biz uchrashuvlar davomida ukrain armiyasining ulkan salohiyatidan qay tarzda foydalanish mumkinligi va uni Rossiya tajovuzini to‘xtatishda eng maqbul holatga keltirish masalalarini muhokama qildik», — dedi Britaniya mudofaa shtab boshlig‘i Toni Radakin.

Rasmiy bayonotda tinchlikparvarlar mavzusi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olinmagan bo‘lsa-da, Zelenskiy 5 aprel kuni Kiyevdagi uchrashuvdan so‘ng bu haqda gapirib o‘tdi.

«Biz quruqlikda, osmonda va dengizdagi mavjudlik masalasini muhokama qilyapmiz. Shuningdek, havo hujumidan himoya masalasi va yana ba’zi nozik jihatlar ham bor», — degan edi u.

«Ko‘ngillilar koalitsiyasi» yoki «Qat’iyatlilar koalitsiyasi» — bu Yevropadagi va undan tashqaridagi bir necha mamlakatlarning birlashmasidir. Ular Rossiya tajovuziga qarshi kurashda Ukrainaga yordam berishni va’da qilgan. Bu koalitsiya doirasidagi asosiy mavzu — Rossiya bosqini tugagandan so‘ng yoki otashkesimga erishilgandan keyin G‘arb tinchlikparvarlarini Ukraina hududiga joylashtirish masalasidir.

Mavzuga oid