Jahon | 23:08 / 10.04.2025
5933
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda oila qurish qoidalari soddalashtirildi

Endi oila qurish istagida bo‘lgan fuqarolardan ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi.

Foto: Unsplash

Xitoy hukumati mamlakat aholisini oila qurishga rag‘batlantirish maqsadida nikohlarni ro‘yxatga olish qoidalariga o‘zgartirish kiritdi, deb xabar beradi Xinhua agentligi.

Qayd etilishicha, 2024 yilda XXRda 6,1 million juftlik o‘z munosabatlarini rasman mustahkamlab qo‘ygan — undan bir yil oldin ushbu ko‘rsatkich 7,68 millionni tashkil etgan.

Yangi qoidalar hujjatlar topshirish jarayonini soddalashtiradi. Endi oila qurish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat, tomonlarning boshqa nikohi mavjud emasligi to‘g‘risida, shuningdek, uch avlod yaqin qarindoshlik aloqalari yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnomalar talab etiladi xolos. Ilgari juftliklar uy xo‘jaliklarini ro‘yxatga olish kitoblarini ham olib kelishlari kerak edi.

Bundan tashqari, endi xitoyliklar ro‘yxatga olingan manzilidan boshqa hududlarda ham oila qura oladi. Yangi o‘zgarishlar 2025 yil 10 maydan kuchga kiradi. Mamlakatda oila qurish qoidalari 2003 yildan beri o‘zgarishsiz qolib kelayotgan edi.

Rasmiylar bu kabi yangi qoidalar vaqtni tejashga va oila qurish xarajatlarini qisqartirishga yordam berishiga ishonmoqda, chunki ko‘plab fuqarolar ro‘yxatga olingan manzilidan uzoq joyda yashaydi yoki ishlaydi. Shu bois xitoyliklar ko‘pincha ro‘yxatga olingan manzillariga bormaslik uchun rasman nikohdan o‘tishdan bosh tortadi.

Avvalroq Xitoyda 2024 yilda ro‘yxatdan o‘tkaziladigan yangi nikohlar soni ushbu hisobni yuritish boshlanganidan beri eng past ko‘rsatkichga tushib ketishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid