Hafta oxirida ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
Shanba kuni O‘zbekistonning katta qismida quruq ob-havo saqlanib turadi.

Foto: Kun.uz
Dam olish kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida yog‘ingarchilik kuzatiladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.
Juma va shanba kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyati cho‘l hududlarida 12 aprel kuni yomg‘ir yog‘adi va momaqaldiroq kuzatiladi.
13 aprel, yakshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro hamda Navoiy viloyatlarida kechasi va kunning birinchi yarmida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida faqat kechki paytda ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar kuzatiladi. Surxondaryo viloyatida va Farg‘ona vodiysida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Ushbu kunlarda ko‘pchilik viloyatlarda juda iliq ob-havo saqlanib turadi, havo harorati +27…+32 daraja atrofida, ba’zi joylarda +34 darajagacha, janubda +36 darajagacha bo‘ladi. Faqat respublikaning shimolida 12 aprelda havo harorati +18…+23 darajagacha pasayadi, ammo 13 aprelga kelib, harorat yana ko‘tarila boshlaydi.
Shamol 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, ayrim joylarda 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 11–12 aprel kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi, 13 aprelda ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi.
Toshkent shahrida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat 13 aprel kuni kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol sharqdan birozdan o‘rtacha tezlikkacha esadi. Harorat asosan kechalari +14…+19 daraja, kunduz kunlari +27…+32 daraja bo‘ladi.
Mavzuga oid

18:30
14 aprel kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

21:09 / 12.04.2025
Yakshanba kuni O‘zbekiston bo‘yicha qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin

21:37 / 11.04.2025
O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel xavfi e’lon qilindi

13:00 / 07.04.2025