O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel xavfi e’lon qilindi
13-18 aprel kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sabab tog‘li hududlarda sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. «O‘zgidromet» fuqarolardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni so‘radi.

Foto: Kun.uz
«O‘zgidromet» 13-18 aprel kunlari kutilayotgan yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel xavfi yuzaga kelishidan ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, quyidagi hududlarda sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin:
- Qashqadaryo viloyati — Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;
- Surxondaryo viloyati — Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrobot tumanlarida;
- Samarqand viloyati — Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;
- Navoiy viloyati — Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;
- Jizzax viloyati — Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;
- Toshkent viloyati — Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
- Namangan viloyati — Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
- Farg‘ona viloyati — So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;
- Andijon viloyati — Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonabod shahri.
«Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz. Respublika hududi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin», — deyiladi xabarda.
Avvalroq iqlimshunos Erkin Abdulahatov, 11-12-13 aprelda avvaliga shimoliy, keyin markaziy hududlarda (Xorazm, Buxoro, Navoiy) juda ham issiq harorat kuzatilishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu kunlari harorat +32, +36 darajagacha ko‘tariladi. Bu temperatura aprel oyining hozirgi muddatlari uchun kuzatuvlar tarixida kuzatilmagan issiqlik bo‘lishi, ya’ni rekord yangilanishi mumkin.
Mavzuga oid

18:30
14 aprel kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

21:09 / 12.04.2025
Yakshanba kuni O‘zbekiston bo‘yicha qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin

11:27 / 11.04.2025
Hafta oxirida ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

14:22 / 10.04.2025