Fan-texnika | 10:37 / 20.04.2025
8468
5 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda robotlar va odamlar ishtirokida yarim marafon o‘tkazildi. Odamlar yaxshiroq natija ko‘rsatdi

Pekinda o‘tkazilgan yarim marafonda tarixda birinchi marta odamlar odamsimon robotlar bilan raqobatlashdi. Yarim marafonda 12 ming sportchi va 20 ta odamsimon robot ishtirok etdi. Robotlardan birinchi bo‘lib marra chizig‘iga yetib kelgani bunga 2 soat-u 40 daqiqa sarfladi, bu eng tez kelgan odamning natijasidan 2,5 barobarga sekin.

Foto: REUTERS / Tingshu Wang

Pekindagi yarim marafonda insonsifat robotlar odamlar bilan yonma-yon yugurishdi. Ularning soni 21 ta edi. G‘olib chiqqan Tiangong Ultra nomli robot 21 kilometr masofani ikki soat-u qirq daqiqada bosib o‘tdi – bu esa odamlar orasida eng tez yugurgan poygachidan ancha sekinroq. Boshqa robotlarning natijasi bundan ham yomonroq bo‘ldi.

Garchi robotlar ilgari ham marafonlarda ko‘rinish bergan bo‘lsa-da, ular birinchi marta odamlar bilan bunday masofada musobaqalashdi. Trassa ko‘tarilishlar, burilishlar va notekis joylarni o‘z ichiga olgandi. Ba’zi robotlar poygani tugatishga muvaffaq bo‘ldi, ba’zilari esa boshidanoq qiyinchiliklarga duch keldi. Robotlardan biri start chizig‘ida yiqilib, bir necha daqiqa yotdi, keyin o‘rnidan turib, yana yugurdi. Yana biri bir necha metr yugurib borib, to‘siqqa urilgan, natijada uning operatori ham yiqilib tushgan.

Barcha robotlar Xitoyda turli kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan. Ular turli shakl va o‘lchamlarda edi: ba’zilari 120 santimetrdan past, boshqalari esa 180 santimetrgacha edi. Kompaniyalardan biri uning roboti deyarli haqiqiy ayolga o‘xshashi va ko‘z qisib, tabassum qilishni bilishi bilan maqtandi. Robotlarning bir nechtasi krossovkada, bittasi boks qo‘lqopida, yana biri esa xitoy tilida «G‘alabaga mahkum» deb yozilgan qizil bog‘ich taqib olgandi.

Kompaniyalar o‘z robotlarini yugurishdan oldin bir necha hafta davomida sinovdan o‘tkazishdi va mexanik yuguruvchilar musobaqaga o‘z murabbiylari bilan birga kelishdi. Muhandislik va navigatsiya jamoalariga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda, tadbir avtopoygaga o‘xshardi.

Robotlarga ham odamlar kabi yo‘lda to‘xtashga ruxsat berildi. Odamlar dam olib, suv zaxiralarini to‘ldirgandan keyingina robotlarning akkumulyatorlari o‘zgartirildi, deya qayd etadi CNN.

G‘olib chiqqan Tiangong Ultra «charchoq alomatlarini ko‘rsatmasdan» marra chizig‘ini kesib o‘tdi, deb yozadi nashr. Yakunda marafon ishtirokchilari g‘olib bo‘lgan robot atrofiga yig‘ilib, suratga tushishgan.

Tiangong Ultra – Pekindagi odamsimon robototexnika innovatsion markazini ishlanmasi. U masofani 2 soat-u 40 daqiqada bosib o‘tdi (erkaklar orasidagi eng yaxshi natija 1 soat-u 2 daqiqa, ayollar o‘rtasida esa 1 soat-u 11 daqiqa). Ushbu innovatsion markazning 43 foiz qismi davlatga tegishli bo‘lib, qolgan ulushni texnologik gigant Xiaomi va Xitoyning humanoid robotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchisi, UBTech kompaniyasi teng bo‘lib olgan.

Markazning texnik direktori Tan Szyanning fikricha, Tiangong Ultra uzun oyoqlari va odam yugurishini imitatsiya qilish imkonini beruvchi algoritm tufayli yaxshi natija ko‘rsatgan.

«Men maqtanmoqchi emasman, lekin menimcha, G‘arbning hech bir robototexnika kompaniyasi Tiangong kabi sport yutuqlariga erishmagan», – dedi u Reuters agentligiga va robot poygada batareyalarni atigi uch marta almashtirganini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, markaz kelajakda «ular haqiqatan ham fabrikalarga, biznes sohalariga, keyin esa uylarga kira olishi uchun» odamga o‘xshash robotlarni sanoatda qo‘llashni rivojlantirishga e’tibor qaratmoqchi.

Oregon shtati universitetining informatika va robototexnika professori Alan Fern bu sun’iy intellektdan foydalanishdagi yutuq ekaniga qo‘shilmadi, chunki humanoid robotlarga yugurish imkonini beruvchi dasturiy ta’minot besh yildan ko‘proq vaqt oldin ishlab chiqilgan va namoyish etilgan.

«Xitoy kompaniyalari haqiqatan ham yurish, yugurish, raqs va boshqa akrobatik qobiliyatlarni namoyish etishga e’tibor qaratmoqda. Umuman olganda, bu qiziqarli namoyishlar, ammo ular utilitar foydalilik yoki qandaydir asosiy intellekt haqida kam ma’lumot beradi», – dedi u Reuters agentligiga.

Mavzuga oid